Logo

Buyuk Britaniya O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish yo'lidagi sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlashga tayyor

Mart 10, 2024. 12:49 • 41 soniya

446
Buyuk Britaniya O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish yo'lidagi sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlashga tayyor

LONDON, 10-mart. /"Dunyo" AA/. O'zbekistonlik diplomatlar va Buyuk Britaniya biznes va savdo vazirligi boshqarmasi boshlig'i Luis Kolvell o'rtasidagi muzokaralar chog'ida mamlakatimizning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a'zoligi va eksport hajmini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Suhbat davomida Britaniya tomoniga 26-29-fevral kunlari Abu-Dabi shahrida bo'lib o'tgan JSTga a'zo davlatlar vazirlarining 13-uchrashuvi doirasida uch davlat — Yaponiya, Isroil va Dominikan Respublikasi bilan bozorga kirish protokollari imzolanganligi, shuningdek, Tailand bilan muzokaralar yakunlanganligi haqida axborot berildi.

Britaniya tomoni O'zbekistonning JSTga a'zo bo'lish yo'lidagi jadal qadamlarini olqishlab, bu yo'nalishda har tomonlama qo'llab-quvvatlash va muzokaralar olib borishga tayyorligini bildirdi.

Muzokaralar yakunida O'zbekiston eksportini oshirish maqsadida mamlakatimiz tadbirkorlari va britaniyalik ekspertlar ishtirokida vebinar o'tkazish bo'yicha kelishuvga erishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish