O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri Berlinda o‘tkazilgan 37-Xalqaro ertaklar festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etdi
Noyabr 22, 2026. 11:00 • 2 daq
• 26BЕRLIN, 22-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbek milliy qo‘g‘irchoq teatri ijodiy jamoasi O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi binosida berlinlik maktab o‘quvchilari uchun “Karvonsaroy” spektaklini muvaffaqiyatli namoyish etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbir elchixona tomonidan “Märchenland e.V.”, “San'at – Forum für Kunst, Kultur und Wissenschaft e.V.” va “Kulturbrücke e.V.” jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Elchixona tashabbusi bilan O‘zbekiston bu yil ilk bor 20 ta davlat vakillarini birlashtirgan 37-Xalqaro “Berlin ertak kunlari – 2026” (Berliner Märchentage) festivalida ishtirok etmoqda. Mashhur spektakl nemis o‘quvchilariga “Berlindagi elchixonalar chorlaydi: O‘zbekiston ertaklari” dasturi doirasida taqdim etildi.
“Karvonsaroy” spektakli orqali germaniyalik o‘quvchilar O‘zbekiston qadimdan sivilizatsiya markazlaridan biri bo‘lgani, Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab karvonlar qatnovi tufayli savdo va ilm-fan ravnaq topgani, xususan, Samarqand va Buxoro kabi tarixiy shaharlarning ahamiyati haqida tasavvurga ega bo‘ldilar. Spektakl o‘zbek tilida ijro etilganiga qaramay, qiziqarli sahna ko‘rinishlari, qo‘g‘irchoqlar harakati, sho‘x kuylar va doira sadolari yosh tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Namoyishdan so‘ng o‘quvchilar aktyorlar bilan suhbatlashib, milliy qo‘g‘irchoq san’ati sirlari va sahna usullari bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, bolalar uchun diplomatik vakolatxona binosi bo‘ylab ekskursiya tashkil etilib, ularga zamonaviy O‘zbekiston, uning boy madaniy va ilmiy merosi haqida ma’lumot berildi. Bundan tashqari, festival doirasida “Karvonsaroy” spektakli “Blackmore's – Berlins Musikzimmer” sahnasida hamda “Felicio” qo‘g‘irchoq teatrida ham muvaffaqiyatli namoyish etildi.
Berlin Senati va Deputatlar palatasi hamkorligida tashkil etilgan 37-Xalqaro “Berlin ertak kunlari – 2026” festivali 18 kun davom etib, uning doirasida 500 dan ortiq madaniy-ma’rifiy tadbir va teatr tomoshalari o‘tkazilishi rejalashtirilgan. O‘zbekistonlik san’atkorlarning ushbu nufuzli anjumandagi ishtiroki xalqimizning boy madaniy merosi va an’analarini xalqaro jamoatchilik orasida keng targ‘ib etishga xizmat qilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi



