Logo

XVJ baholashiga ko'ra, tarixda ilk bor O'zbekistonning YIM hajmi 100 milliard AQSh dollaridan oshdi

Avgust 01, 2024. 15:35 • 5 daq

1942
XVJ baholashiga ko'ra, tarixda ilk bor O'zbekistonning YIM hajmi 100 milliard AQSh dollaridan oshdi

TOSHKENT, 1-avgust. /"Dunyo" AA/. 2023-yilda Xalqaro Valyuta Fondi olib borgan baholash natijalariga ko'ra, O'zbekistonning nominal YIM hajmi 125,6 trillion so'm (10,7 milliard AQSh dollari)ga oshib, 1 192,2 trillion so'm (101,6 milliard dollar)ni tashkil etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri

Bugun, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazida Statistika agentligi va Xalqaro valyuta jamg'armasi tomonidan o'tkazilgan tadqiqot natijalari ekspert va ilmiy doiralarda muhokama qilindi. Tadqiqotning asosiy maqsadi O'zbekistonda "kuzatilmaydigan iqtisodiyot" hajmini baholash natijalarini muhokama qilish va uning boshqa makroiqtisodiy ko'rsatkichlarga ta'sirini o'rganishdan iborat.

31-iyul kuni Toshkentda "O'zbekistondagi norasmiy va yashirin iqtisodiyotni statistik baholash natijalar" mavzusida xalqaro davra suhbati bo'lib o'tdi. Mazkur tadbirning maqsadi Xalqaro valyuta jamg'armasi (XVJ) texnik ko'mak missiyalari doirasida olib borilgan tahlil natijalarini muhokama qilishdan iborat bo'ldi.

Tadbir Statistika agentligi hamda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan tashkil etildi.

Unda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Statistika agentligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank, Soliq qo'mitasi, ekspertlari, shuningdek, vazirliklar va idoralar, "aqliy markazlar", universitetlar, xalqaro tashkilotlar va OAV vakillari ishtirok etdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Xaqimov, tadbirni ochib, ishtirokchilarni O'zbekistonda iqtisodiy vaziyatni yaxshilashga qaratilgan islohotlar haqida xabardor qildi. U norasmiy va yashirin iqtisodiyotni statistik baholashni mavjud salohiyatni aniqlash va samarali davlat siyosatini ishlab chiqish uchun muhim instrument sifatida ta'kidladi.

"Bu tadqiqotlar faqatgina iqtisodning hozirgi holatini tushunishga yordam bermay, balki norasmiy sektorni legalizatsiya qilish va rasmiy iqtisodiyotga integratsiya qilish uchun sharoit yaratishga ham xizmat qiladi", – dedi markaz direktori.

Obid Xaqimov ishtirokchilarni taklif etilgan mavzularni faol muhokama qilishga va o'z fikrlarini bo'lishishga chaqirdi, shunga ko'ra, birgalikda barqaror iqtisodiy o'sish va ijtimoiy barqarorlikni ta'minlovchi strategiyalarni ishlab chiqish mumkin.

Statistika agentligi direktori Baxodir Begalov ishtirokchilarga murojaat qilib, statistik ma'lumotlarni samarali iqtisodiy siyosat va barqaror rivojlanishni shakllantirishdagi ahamiyatini ta'kidladi. Statistika agentligi direktori mamlakat rahbariyati tomonidan statistik ma'lumotlarni yig'ish va shakllantirishning sifati, shaffofligi va xalqaro standartlarga mosligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilayotgani, shuningdek, bu jarayonda xalqaro tashkilotlar tomonidan texnik va metodologik yordam ko'rsatilayotganini qayd etdi.

Mutaxassislar tomonidan norasmiy iqtisodiyotning keng qamrovli yo'nalish ekanligi qayd etildi. Norasmiy va yashirin sektorlarni inobatga olgan holda makroiqtisodiy ko'rsatkichlarni qayta hisoblash natijasida mamlakat iqtisodiyotining tarmoqlar bo'yicha tarkibidagi o'zgarishlar muhokama qilindi.

"O'zbekiston bozor iqtisodiyotiga o'tish jarayonida, bu esa uzoq yo'l. Biz o'zbek hamkasblarimizga statistik hisob-kitob va tahlil sohasida ko'mak berishga tayyormiz. XVJ ekspertlari tomonidan taqdim etiladigan texnik ko'mak biz uchun ham manfaatli, chunki bu mamlakatdagi statistika holati haqidagi ma'lumotlardan foydalanish imkonini beradi. Buning asosida, iqtisodiy rivojlanish dinamikasini kuzatish imkoniga ega bo'lamiz", dedi Xalqaro valyuta jamg'armasining O'zbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze.

Real sektor statistikasi bo'yicha Xalqaro valyuta jamg'armasi mutaxassisi Levan Gogoberishvili o'z video murojaatida XVFning milliy hisoblar statistikasi bo'yicha O'zbekistonda o'tkazilgan texnik yordam missiyalari natijalari bo'yicha qisqa xulosalarni taqdim etdi.

Mutaxassis kuzatilmaydigan iqtisodiyotni hisobga olgan holda milliy hisoblarni qayta ko'rib chiqish zarurligini ta'kidladi, statistik ma'lumotlarning to'liqligini ta'minlash va iqtisodiyotning holati haqida aniqroq tasavvurga ega bo'lish muhimligini qayd etdi.

Shuningdek, mutaxassis 2019-yilda O'zbekiston milliy hisoblari ko'rsatkichlari bo'yicha o'tkazilgan oldingi qayta ko'rib chiqish natijasida asosiy o'zgarishlar qishloq xo'jaligi ma'lumotlariga tegishli bo'lganini ta'kidladi. 2024-yildagi qayta ko'rib chiqish davomida esa asosiy o'zgarishlar kuzatilmaydigan iqtisodiyot elementlariga tegishli bo'lgan. Bu sohalarga qurilish, mehmonxonalar va restoranlar, sog'liqni saqlash, ta'lim va boshqalar kiritilgan.

Ekspertga ko'ra, qayta baholashlar natijasida nominal YIM darajasi taxminan 10-12 foizga oshadi. Shu bilan birga, real YIM o'sish sur'atining maksimal o'zgarishi taxminan 0,8 foiz punktgachani tashkil etadi. "Shuning uchun, bu ma'lumotlarning e'lon qilinishi milliy hisoblar ko'rsatkichlari sifatining sezilarli yaxshilanishini ta'minlaydi", - dedi Gogoberishvili.

Mutaxassis, shuningdek, milliy hisoblar ko'rsatkichlarining navbatdagi umumiy qayta ko'rib chiqilishi 2029-yilda amalga oshirilishi mo'ljallanganini bildirib o'tdi.

Davra suhbatida Statistika agentligi Makroiqtisodiy indikatorlar va milliy hisoblar boshqarmasi boshlig'i Abrorali Mamadjanov makroiqtisodiy ko'rsatkichlar tarkibida norasmiy va yashirin iqtisodiyotni statistik baholash natijalarini taqdim etdi. Uning qayd etishicha, norasmiy va yashirin sektorlar hajmini baholash keng ko'lamli tahlillar va aniq ma'lumotlarni talab qiladi. Sifatli amalga oshirilgan hisob-kitoblar iqtisodiy siyosatni samarali rejalashtirish va asoslangan qarorlar qabul qilish imkonini beradi.

Mazkur tadbir doirasida norasmiy va yashirin iqtisodiyotning hajmi hamda uning makroiqtisodiy ko'rsatkichlarga ta'siri bo'yicha hisob-kitob natijalari muhokama qilindi. Norasmiy va yashirin iqtisodiyotni baholash tanlanma statistik kuzatuvlar va ma'muriy ma'lumotlar asosida amalga oshirildi.

Tadqiqot respublika bo'yicha 14 ta hududda olib borildi. Xususan, 2023-yilning iyul-avgust oylarida Xalqaro valyuta jamg'armasi (XVJ) texnik ko'mak missiyasi jalb etilib, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 165 ta tuman bo'yicha 7 mingdan ziyod uy xo'jaliklarining yashash va ovqatlanish, transport, madaniyat, ta'lim, sog'liqni saqlash va boshqa xizmatlariga xarajatlari so'rovnoma asosida o'rganildi.

Yig'ilgan ma'lumotlar asosida norasmiy va yashirin iqtisodiyotning hajmi hamda uning YIM ga ta'siri sohalar va hududlar bo'yicha 2017-2023-yillar uchun baholandi. Bu esa mamlakatda kuzatilmaydigan iqtisodiyotning ko'lami va uning umumiy iqtisodiy faoliyatga ta'sirini aniqlash imkonini berdi.

Olib borilgan tanlanma statistik kuzatuvlar va hisob-kitoblar natijasida YIM va aholi jon boshiga YIM kabi makroiqtisodiy ko'rsatkichlarning qamrovi yaxshilandi, shuningdek, ularning xalqaro metodologiyalarga muvofiqligi ta'minlandi.

Amalga oshirilgan hisob-kitoblar natijasida 2023-yilda O'zbekistonning nominal YIM hajmi 125,6 trillion so'mga (10,7 milliard dollarga) oshdi va 1 192,2 trillion so'm (101,6 milliard dollar)ni tashkil etdi.

Muhokamalar davomida ekspertlar ma'lumotlarni xalqaro standartlarga (XVJ yoki Jahon banki metodologiyasi) muvofiqlashtirishning ahamiyatini ta'kidladilar. Bu boshqa mamlakatlar bilan ma'lumotlarni taqqoslash, iqtisodiy ko'rsatkichlarni aniq tahlil qilish uchun foydalanishga yordam beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish