Logo

Buxarestda O‘zbekiston va Ruminiya ishbilarmon doiralarining davra suhbati bo‘lib o‘tdi

Aprel 05, 2026. 10:00 • 2 daq

226
Buxarestda O‘zbekiston va Ruminiya ishbilarmon doiralarining davra suhbati bo‘lib o‘tdi

BUXAREST, 5-aprel. /“Dunyo” AA/. Ruminiyaning ommabop «Bucuresti business» i «Diplomatic Life» elektron portallarida O‘zbekiston va Ruminiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan tahliliy maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada Buxarest munitsipiyasi Savdo-sanoat palatasida (CCIB) ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida o‘tkazilgan “Romania – Uzbekistan Business Round Table” davra suhbati tafsilotlari bayon etilgan.

Qayd etilishicha, tadbirda Ruminiya investitsiyalar va tashqi savdo agentligi (ARICE) vakillari hamda sanoat, qishloq xo‘jaligi, IT, chakana savdo va mudofaa sohalarida faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalar rahbarlari ishtirok etdilar. Muloqot chog‘ida CCIB prezidenti Yuliu Stoklosu Ruminiya va O‘zbekiston iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiruvchi imkoniyatlarga ega ekanini, bu esa raqobatbardosh tovar va xizmatlar almashinuvi uchun mustahkam poydevor bo‘lishini taʼkidladi.

O‘z navbatida, O‘zbekiston elchisi Amirsaid Aʼzamxo‘jayev Ruminiyaning Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishdagi strategik darvoza sifatidagi roliga to‘xtalib, bevosita muloqot barqaror biznes sherikligini qurishning birinchi muhim qadami ekanini qayd etdi. Elchixonaning iqtisodiy hamkorlik bo‘limi rahbari Mirzohid Aliqulov tomonidan O‘zbekistonning investitsiyaviy salohiyati va so‘nggi islohotlar haqida taqdimot o‘tkazildi.

Ruminiyalik tadbirkorlar joriy yilning 16-19-iyun kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga (TIIF) taklif etildi. Shuningdek, Ruminiya tomoni “Invest Romania” dasturi doirasida o‘z mamlakatining chet ellik sarmoyadorlar uchun jozibadorligi va xalqaro miqyosda ilgari surilayotgan loyihalari haqida maʼlumot berdi.

Tadbir yakunida o‘tkazilgan netvorking sessiyasi ikki mamlakat kompaniyalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish va kelajakdagi qo‘shma iqtisodiy sherikliklarga yo‘l ochish imkonini berdi.



Default Avatar

Material muallifi

Dunyo1

dunyo1@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish