Logo

Moskva shahridagi eng yirik savdo markazlaridan biri – "Sadovod"da O'zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun savdo maydonchasi ochildi

Oktabr 26, 2025. 11:37 • 54 soniya

116
Moskva shahridagi eng yirik savdo markazlaridan biri – "Sadovod"da O'zbekiston ishlab chiqaruvchilari uchun savdo maydonchasi ochildi

MOSKVA, 27-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Rossiya poytaxti Moskva shahridagi eng yirik savdo markazlaridan biri – "Sadovod"da o'zbekistonlik ishlab chiqaruvchilari uchun savdo maydonchasi ochildi, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.

Loyiha Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) va O'zbekiston yengil sanoatni rivojlantirish agentligi ko'magida Rossiya bozorida milliy brendlarni targ'ib qilish maqsadida amalga oshirildi. Ochilish marosimida agentlik rahbari Nozim Xolmurodov va ISSV departamenti direktori Inomjon Abdurahmonov ishtirok etdi.

Savdo markazida chakana savdo shoxobchalari va omborxonalar ijaraga olingan bo'lib, ular mahalliy to'qimachilik, poyabzal va tikuvchilik kompaniyalariga berildi. Ushbu maydonda 38 ta chakana savdo shoxobchasi joylashgan bo'lib, ular mahalliy kompaniyalarning kiyim-kechak va poyabzaldan tortib uy matolari va aksessuarlari kabi mahsulotlarni sotmoqda. Yangi platforma to'g'ridan-to'g'ri savdoni amalga oshirish, rossiyalik hamkorlar bilan shartnomalar tuzish va mamlakatning eng yirik bozorida milliy brendlarning mavqeini mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar ochadi.

Oflayn savdodan tashqari, o'zbekistonlik ishlab chiqaruvchilar o'z mahsulotlarini Rossiyaning yetakchi onlayn platformalari – "Wildberries", "Ozon", "Yandeks.Market" va "Avito" orqali targ'ib qilishlari mumkin bo'ladi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish