Logo

"O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" turkumidagi kitob-albomlar Saksoniya federal o'lkasi muzeylariga taqdim etildi

May 23, 2025. 17:05 • 2 daq

84
"O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" turkumidagi kitob-albomlar Saksoniya federal o'lkasi muzeylariga taqdim etildi

BERLIN, 23-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish bo'yicha butunjahon jamiyati tomonidan taqdim etilgan 50 jildlik "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" turkumidagi kitob-albomlar Saksoniya federal o'lkasi Madaniyat va turizm vazirligiga topshirildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Dunyoning turli muzeylari kolleksiyalarida saqlanayotgan O'zbekistonning noyob osori-atiqalari va san'at asarlari jamlangan mazkur to'plamlarni mamlakatimizning Germaniyadagi elchisi Dilshod Axatov Saksoniya federal o'lkasi Madaniyat va turizm vaziri Barbara Klepshga tantanali tarzda topshirdi.

Taqdimot marosimida Saksoniya federal o'lkasi Madaniyat va turizm vazirligi vakillari, muzey va kutubxonalar mas'ullari, madaniyat xodimlari va elchixona vakillari ishtirok etdi.

Mamlakatimiz elchisi har bir jildda dunyoning turli kolleksiyalarida saqlanayotgan O'zbekistonning madaniy merosi, yodgorliklari jamlangani hamda "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" loyihasining maqsadi, hozirda, Yevroosiyo, Osiyo, Amerika, Afrika va boshqa mintaqa mamlakatlarining turli muzeylari va shaxsiy kolleksiyalarida saqlanayotgan mamlakatimizning milliy durdona asarlarini ilmiy o'rganish va keng jamoatchilikka tanishtirish ekanligini ta'kidladi. Ushbu noyob merosni xolisona va har tomonlama o'rganish, nafaqat O'zbekiston, balki butun dunyo uchun dolzarb vazifaligi, chunki mamlakatimiz madaniyati butun insoniyat merosining ajralmas qismi hisoblanishi qayd etildi.

Uchrashuvda nemis tomoniga avgust oyida bo'lib o'tadigan Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimi haqida ma'lumot berildi. Ushbu ulkan loyihaning birinchi tamal toshi 2018-yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qo'yilgani alohida ta'kidlandi. "Ma'lumki, Saksoniya federal o'lkasidagi muzeylarda yurtimiz tarixiga oid nodir artefakt va san'at asarlari hamda butun islom olamining boy madaniyati namunalari saqlanadi, –dedi diplomat. – Markazda tashkil etiladigan ko'rgazmaga Saksoniya muzeylarini mamlakatimiz madaniy merosiga oid eksponat va kolleksiyalar bilan qatnashishga taklif qildi.

Uchrashuvda Markaz haqidagi videolavha namoyish etildi.

O'z navbatida, Barbara Klepsh O'zbekiston va Saksoniya federal o'lkasi ikki tomonlama hamkorligiga to'xtalib, tomonlar o'rtasida ayniqsa madaniyat va turizm sohasida istiqbolli loyihalar amalga oshirish imkoniyatlari mavjudligini alohida ta'kidladi. Shu munosabat bilan u O'zbekiston hukumati, xususan, madaniyat va turizm tuzilmalari bilan yaqin kelajakda uzviy hamkorlikda ish olib borishga tayyor ekanini bildirdi.

Madaniyat va turizm vaziri uchrashuv yakunida mamlakatimiz elchisiga noyob kitoblar uchun minnatdorlik bildirib, uning Germaniyadagi muzeylar va kutubxonalar kolleksiyalari uchun ahamiyati yuqoriligini qayd etdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish