O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida "Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori" nomli ekspozitsiya yaratilmoqda
Avgust 17, 2025. 11:31 • 2 daq
• 592
TOSHKENT, 17-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyidan o'rin olgan asosiy ekspozitsiyaning muhim qismi — "Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori" nomli ekspozitsiyaning qurilish ishlari yakunlanayapti, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Kuni kecha Markazda ushbu ekspozitsiya konsepsiyasi yuzasidan ishchi guruhning yakuniy natijalarga bag'ishlangan yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda bo'limning umumiy g'oyasi, eksponatlarni joylashtirish tartibi, etiketaj matnlari va dizayn yechimlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Qayd etilishicha, uzunligi 52 metr, balandligi 8 metr bo'lgan mazkur kompozitsiyaning "Islomdan avvalgi davrlar sivilizatsiyalari" ekspozitsiyasida, yurtimiz hududida qadimdan mavjud bo'lgan davlatlar, buyuk shaxslar va muhim kashfiyotlar zamonaviy muzeyshunoslik asosida taqdim etiladi.
Ta'kidlash joizki, ushbu bo'limning asosiy g'oyasi — O'zbekiston hududida shakllangan sivilizatsiyalar, ularning moddiy va ma'naviy merosi hamda jahon taraqqiyotiga qo'shgan hissasini yoritishdir.
Shuningdek, tadbir davomida muzeydagi har bir eksponatning nomi, tarixiy davri, topilgan hududi va ekspozitsion yoritilishi masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi.
– Olimlarimiz bilan qilingan muhokamalarga ko'ra, mazkur ekspozitsiyadan o'rin oladigan har bir manbaning nomi, hududiy, davriy mansubligi, asl nusxa yoki ko'chirma ekanligi aniq ko'rsatilishi kerak, – dedi tarix fanlari bo'yicha falsafa doktori, dotsent Obid Tangirov. – Bu tashrif buyuruvchilar uchun ma'lumotni yana-da ravshan va qiziqarli qiladi.
Bundan tashqari, muhokamalar jarayonida arxeologlar bilan hamkorlikda har bir eksponatning ilmiy tavsifi, tarixiy manbasi va muzeydagi aniq joylashuvi bo'yicha ma'lumotlar tayyorlanayotgani qayd etildi. Shu bilan birga, eksponatlarning asl nusxalarini asrab qolish va ularni xavfsiz sharoitda namoyish qilish maqsadida maxsus mulyajlar ishlab chiqilishi belgilandi.
"Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori" ekspozitsiyasi nafaqat tarixiy ma'lumotlarni taqdim etadi, balki tashrif buyuruvchilarga o'tmish nafasini his etish, ajdodlar merosini yangicha tajribada kashf etish imkonini beradi. Shuningdek, bu loyiha yurtimizning boy tarixiy merosini zamonaviy muzeyshunoslik talablari asosida kelajak avlodga yetkazishda muhim qadam bo'lishi kutilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi