Turkiy davlatlar integratsiyasi: Barqaror taraqqiyot va hamkorlikka yo'l
Oktabr 08, 2025. 17:06 • 7 daq
• 176
TOSHKENT, 8-oktabr. /"Dunyo" AA/. Tashqi siyosiy tadqiqotlar va xalqaro tashabbuslar markazi yetakchi ilmiy xodimi Guli Nizomova "Dunyo" AA uchun sharhida uchun Turkiy davlatlar tashkilotining zamonaviy dunyoda tutgan mavqei, shuningdek, O'zbekistonning ushbu tashkilotdagi o'rni haqidagi fikrlarini bildirdi.

– Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) doirasidagi integratsiya jarayonlarini tahlil qilishga, Turk davlatlarining zamonaviy hamkorlik bosqichining o'ziga xos xususiyatlari ko'rib chiqqan holda iqtisodiy, madaniy va gumanitar aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan maqola e'lon qilindi.
TDT harbiy yoki siyosiy blok emas, balki hamkorlikni chuqurlashtirish va turkiy dunyoda yagona rivojlanish makonini shakllantirish uchun samarali platformadir.
Hozirgi xalqaro tartib dinamik ravishda o'zgarayotgan sharoitlarda, pragmatik, o'zaro hurmat va umumiy manfaatlarga asoslangan mintaqaviy hamkorlik formatlarini rivojlantirish alohida dolzarblik kasb etadi. TDT aynan shunday xususiyatlarni o'zida jo'shqin tarzda aks ettirmoqda.
TDT harbiy yoki siyosiy blok emas, balki iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, transport‑logistika yo'llarini rivojlantirish va gumanitar hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan ko'p tomonlama hamkorlik maydoni sifatida namoyon bo'lmoqda. Uning asosiy maqsadi turkiy davlatlarning barqaror taraqqiyotini ta'minlash va mintaqa xalqlari o'rtasida o'zaro tushunishni mustahkamlashdan iborat.
So'nggi yillarda TDT faoliyatiga xalqaro miqyosda ortib borayotgan e'tibor turkiy davlatlarining mintaqaviy barqarorlik, Yevroosiyo transport bog'lanishlari va energetika xavfsizligidagi roli n bog'liq.
Integratsiya yo'nalishidagi missiya va uzoq muddatli strategik istiqbol
TDT bugungi kunda turkiy integratsiyasi uchun muhim institut sifatida namoyon bo'lyapti. Tashkilot faoliyati iqtisodiy, transport-logistika, raqamlashtirish va gumanitar sohalarda hamkorlikning amaliy vositalarini shakllantirishga qaratilgan.
Bu kontekstda TDT manfaatlarni muvofiqlashtirish va umumiy tashabbuslarni amalga oshirishda samarali platformaga aylanmoqda — bu tashabbuslar mintaqaviy davlatlar o'rtasida barqaror taraqqiyot va o'zaro bog'lanishni kuchaytiradi.
TDT falsafasining muhim elementi sifatida "inklyuziv taraqqiyot orqali integratsiya" degan g'oya ajralib turadi. Bu yo'nalishda TDTning faoliyati ishonchni mustahkamlash, o'zaro bog'liqlikni oshirish hamda turkiy dunyoda yangi iqtisodiy o'sish markazlarini yaratishga qaratilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Gabala shahrida bo'lib o'tgan TDT Davlat rahbarlarining 12-sammitida nutqida aytilganidek: "Turkiy davlatlari tashkiloti qisqa muddat ichida obro'si yuqori bo'lgan xalqaro tuzilmalar safidan joy oldi. Buni birinchi navbatda davlatlarimiz o'rtasidagi yuqori darajadagi siyosiy dialogning kengayishi, o'zaro ishonchning mustahkamlanishi va amaliy sheriklik loyihalari hamda gumanitar dasturlarning faol amalga oshirilishi isbotlamoqda".
Bugungi kunda amaliy hamkorlik 35 dan ortiq yo'nalishda olib borilmoqda va tashkilotga a'zo davlatlar o'rtasidagi savdo hajmi barqaror ravishda oshib boryapti.
Transport-logistika sohasidagi hamkorlikning strategik o'lchovi
Turkiy davlatlar o'rtasidagi hamkorlik tobora amaliy shaklga kirib bormoqda, ayniqsa transport va logistika sohalarida. TDTga a'zo davlatlarning geografik joylashuvi Yevropa, Sharq, Shimol va Janub yo'nalishlarini bog'lovchi noyob Yevroosiyo makonini shakllantiradi.
Dengizga chiqish huquqi bo'lmagan O'zbekiston uchun turkiy davlatlar bilan transport‑logistika aloqalarini rivojlantirish strategik ustuvorlik bo'lib, bu eksport marshrutlarini diversifikatsiyalash va iqtisodiy suverenitetni mustahkamlash imkonini beradi.
Ushbu jarayonda markaziy o'rin Transkaspiy, "Sharq‑G'arb", "O'rta yo'lak" "Ipak yo'li XXI asr" yo'nalishiga tegishli. Marshrut O'zbekistonni Qozog'iston, Kaspiy dengizi, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya orqali Yevropaga bog'laydi.
2025-yilda O'zbekiston infratuzilmani modernizatsiya qilish va tranzit protseduralarini soddalashtirishga qaratilgan besh yillik rejani tasdiqladi. Ushbu tashabbus yo'l quvvatini oshirish hamda logistika xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan.
Toshkent izchil ravishda "O'rta yo'lak" bo'yicha tranzit tariflarini optimallashtirish, chegaralarni osonlashtirish, zamonaviy logistika tizimlari va qo'shma operatorlarni yaratishni taklif qilmoqda.
O'zbekistonning ushbu yo'nalish salohiyatini rivojlantirishdagi ishtiroki Kaspiy mintaqasi davlatlarining sa'y-harakatlarini to'ldiruvchi muhim omil hisoblanadi. Qozog'iston "O'rta yo'lak"ning asosiy quruqlik tuguni sifatida temir yo'l liniyalari hamda Oqtov va Qurik portlarini faol rivojlantirmoqda. Ozarbayjon esa, Boku infratuzilmasi va Boku–Tbilisi–Kars temir yo'l liniyasi orqali Markaziy Osiyo bilan Yevropa o'rtasida strategik ko'prik vazifasini bajaradi. Turkiya esa ushbu yo'nalishni Yevropa bozorlariga olib chiqib, Yevroosiyo tranzitida bog'lovchi halqa sifatida yakunlaydi.
TDT davlatlarining qo'shma sa'y-harakatlari "O'rta yo'lak"ni yangi avlod integratsion platformasiga aylantirmoqda – bu iqtisodiy hamkorlik, energetika xavfsizligi va barqaror rivojlanish makonidir. Kaspiydan Yevropagacha cho'zilgan ushbu transport yo'lagi turk dunyosi birdamligining amaliy ifodasiga aylanishi shubhasizdir.
Iqtisodiy kooperatsiya va investitsiya hamkorligi
TDT doirasida ochiq bozor, o'zaro manfaatdorlik va sanoat kooperatsiyasi prinsiplariga asoslangan iqtisodiy maydoncha bosqichma-bosqich shakllanmoqda.
So'nggi yillarda moliyaviy vositalarni yaratishdan tortib savdoni raqamlashtirishgacha bo'lgan ko'plab tashabbuslar deklaratsiyalardan amaliyotga o'tdi.
Asosiy yutuqlardan biri 2022-yilda Samarqand sammitida qabul qilingan va 2023-yilda amalga oshirilgan Turkiy investitsiya jamg'armasini tuzish bo'ldi.
Jamg'arma 2024-yilda o'z faoliyatini boshladi, 2025-yil fevral oyida esa uning O'zbekistonning 100 million dollarlik hissasini o'z ichiga olgan holda uning ustav kapitali 600 million dollarga oshirildi.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gabala sammitida yaqin kelajakda TDT doirasida Yangi iqtisodiy imkoniyatlar fazosini shakllantirishni qo'llab-quvvatladi hamda "xomashyo – qayta ishlash – fan va texnologiyalar – tayyor mahsulot" tamoyiliga asoslangan amaliy Hamkorlik dasturini qabul qilishning ahamiyatini ta'kidladi.
Ta'kidlash joizki, TDT doirasidagi iqtisodiy integratsiya allaqachon sezilarli natijalarni bermoqda: ushbu davlatlarning umumiy YAIM ko'rsatkichi 5,6 trillion dollardan oshib, keyingi o'sish uchun katta salohiyatga ega. Turkiy mamlakatlar O'zbekistonning tashqi savdosida 14,5 foiz ulushga ega bo'lib, 2017-yildan 2024-yilga qadar investitsiyalar hajmi 7,5 milliard dollardan ziyod bo'lgan.
Iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida O'zbekiston Prezidenti bir qator yangi tashabbuslarni ilgari surdi, ular iqtisodiy integratsiya va innovatsion taraqqiyotni chuqurlashtirishga qaratilgan. Ushbu tashabbuslar qatorida Toshkentdagi Loyihalar ofisiga ega bo'lgan Turkiy davlatlar doimiy iqtisodiy sheriklik kengashini yaratish, Turkiy davlatlar sanoat alyansini tuzish, "Turkiy yashil yo'laklar" tizimi hamda "Yashil transformatsiya" konsorsiumini tashkil etish kiradi. Shuningdek, Prezident Turkiy investitsiya jamg'armasi faoliyatini kengaytirish va sun'iy intellekt hamda kreativ iqtisodiyot bo'yicha "Yo'l xaritalari"ni qabul qilish taklifini bildirdi.
Ayniqsa TDTga a'zo davlatlarning o'zaro to'ldiruvchi xususiyatiga e'tibor qaratish muhimdir. Har bir davlat umumiy iqtisodiy tizimga o'zining o'ziga xos muhim elementlarini qo'shmoqda: Qozog'iston energetika barqarorligini va transport aloqalarini ta'minlasa, Ozarbayjon Markaziy Osiyo bilan Kavkaz o'rtasida ko'prik vazifasini bajaradi. Turkiya esa innovatsion, texnologiyaviy va moliyaviy tashabbuslarni ilgari surmoqda. O'zbekiston esa mintaqaning sanoat va investitsiya markaziga aylanmoqda. Qirg'iziston esa TDT doirasida raqamli va tadbirkorlik dasturlarida faol ishtirok etmoqda, kichik biznes, turizm va "aqlli logistika" sohalarida loyihalarni rivojlantirish bilan birga, tog' hududlarini barqaror rivojlantirish va ekotransport sohasidagi tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Madaniy-gumanitar aloqalar
TDTning universalligining yana bir muhim jihati – madaniy va sivilizatsion konsolidatsiyaning umumiy ko'rinishi hisoblanadi. Tashkilotning asosiy vazifasi – turkiy xalqlarni birlashtiruvchi tarixi va qadriyatlar asoslarini mustahkamlashdan iborat bo'lib, bu yerda til, an'analar, madaniy meros va umumiy birdamlik hozirgi turkiy birlikning poydevorini tashkil etadi.
Madaniy-gumanitar yo'nalish TDT integratsiya kun tartibining ajralmas qismiga aylangan. Bu sohadagi faoliyat barqaror rivojlanishni ishonch, madaniy yaqinlik va ta'lim almashinuvisiz mumkin emasligi tushunchasiga asoslanadi. Tashkilot ta'lim, fan, madaniyat va yoshlar siyosatlari sohalarida tashabbuslar uchun keng maydon yaratadi va turkiy makon aholisining yangi avlodini shakllantirishga xizmat qiladi.
O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2022-yil Turkiy dunyoda "Yoshlar tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash yili" deb e'lon qilindi va Buxoro yoshlar tashabbuslarining birinchi poytaxti maqomini oldi.
Gabalada o'tkazilgan sammit doirasida Shavkat Mirziyoyev O'zbekistonda Turkiy davlatlar xalqaro universitetini tashkil etishni taklif qildi. Ushbu universitet tashkilotga a'zo barcha mamlakatlardan talabalar va mutaxassislarni birlashtirib, qo'shma tadqiqotlar, ta'lim dasturlari va innovatsiyalarga maydon bo'lib xizmat qiladi.
Media, ta'lim va madaniy loyihalar orqali qo'llab-quvvatlanayotgan turkiy makonni tiklash umumiy gumanitar maydonni shakllantirib, turkiy dunyoning mustaqil sivilizatsion rivojlanish markazi sifatidagi ta'sirini mustahkamlaydi.
XULOSA
Turkiy davlatlar tashkiloti bosqichma-bosqich yangi turdagi o'ziga xos — ishonch va yaratuvchanlik makoniga aylanmoqda. Bu birlashmaning maqsadi "kimgadir qarshi" emas, balki umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va barqarorlik yo'lida birlashishdan iboratdir.
TDT manfaatlarni muvozanatlashtirish va o'zaro hurmat hamda manfaatlarga asoslangan integratsiya tashabbuslarini ilgari surish qobiliyatini namoyon etmoqda. Asosiy maqsad – yutuqlarni institutsionallashtirish: qarorlar qabul qilish yagona mexanizmlarini rivojlantirish, iqtisodiy va gumanitar sheriklikni kengaytirish hamda tashqi mintaqalar bilan hamkorlikni mustahkamlash.
Bugungi kunda TDT XXI asrdagi hamkorlik modellaridan biriga aylanmoqda, bu yerda mintaqaviy strategik sheriklik o'zgacha ahamiyat kasb etmoqda va o'z ishtirokchilarga o'zgarishlar davrida qo'shimcha barqarorlik beradi. Shu nuqtai nazardan qaralganda, turkiy davlatlar integratsiyasi — bu taraqqiyot va hamkorlik yo'lidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi