Logo

Ar-Riyoz shahrida O'zbekiston madaniyati kunlari bo'lib o'tmoqda

Oktabr 06, 2025. 20:56 • 2 daq

39
Ar-Riyoz shahrida O'zbekiston madaniyati kunlari bo'lib o'tmoqda

AR-RIYOZ, 6-oktabr. /"Dunyo" AA/. Shu yilning 2-12-oktabr kunlari Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyoz shahrida O'zbekiston madaniyati kunlari bo'lib o'tmoqda, deb xabar qilyapti "Dunyo" AA muxbiri.

 O'zbekiston madaniyati kunlari dastlabki uch kunda yarim milliondan ortiq arab tomoshabinlarini o'ziga jalb etgani Ar-Riyoz aholisi va mehmonlarining yurtimizning boy madaniy merosiga bo'lgan katta qiziqishini namoyon etdi.

Tadbir dasturidan O'zbekiston milliy maqom va folklor san'ati ustalari ishtirokidagi konsert dasturi bo'lib o'tdi. Xalqlar o'rtasidagi do'stlik va o'zaro hamjihatlik ramzi bo'lgan o'zbek kuy-qo'shiqlariga O'zbekiston va Saudiya Arabistoni san'atkorlarning birgalikdagi chiqishlari tomoshabinlarda katta qiziqish uyg'otdi.

Ar-Riyoz shahridagi katta ekranlarda O'zbekistonning sayyohlik salohiyati, xususan tarixiy shaharlarimiz, me'moriy obidalar, hunarmandchilik an'analari va go'zal tabiati aks etgan videolavhalar namoyish etildi. Ushbu videolavhalar Saudiya aholisi va mehmonlarida O'zbekiston tarixi, madaniyati va zamonaviy qiyofasini chuqurroq anglash imkonini beradi.

Madaniyat kunlari doirasida o'zbekistonlik olimlar va mutaxassislar ishtirokida madaniy meros, san'at, O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasidagi gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalariga bag'ishlangan davra suhbati o'tkazildi.

Taniqli xattot Habibullo Soliyevning o'zbek xattotlik san'ati ustalarining islom yozuvi rivojiga qo'shgan hissasi haqidagi ma'ruzasi tinglovchilarda katta qiziqish uyg'otdi.

Saudiya Arabistonida O'zbekiston madaniyati kunlarining o'tkazilishi xalqlarimiz o'rtasidagi ikki tomonlama aloqalar va o'zaro hamjihatlikni mustahkamlash, madaniyat, turizm va san'at sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Saudiya tomoni kelgusi yillarda O'zbekistonda ham shunday tadbirlarni o'tkazishdan manfaatdor ekanligini bildirdi, bu mamlakatlarimiz o'rtasidagi madaniy almashinuv va xalq diplomatiyasini rivojlantirishda yangi qadam bo'ladi.

 

 

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish