Logo

Qoraqalpoq qo‘biz sanʼati YUNESKOning Zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi

Dekabr 10, 2025. 09:53 • 2 daq

308
Qoraqalpoq qo‘biz sanʼati YUNESKOning Zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi
Qoraqalpoq qo‘biz sanʼati YUNESKOning Zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi
Qoraqalpoq qo‘biz sanʼati YUNESKOning Zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi

DEHLI, 10-dekabr. /“Dunyo” AA/. Qoraqalpoq qo‘bizini yasash va unda ijro etish sanʼati rasman YUNESKOning Zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga kiritildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tarixiy qaror shu kunlarda Hindiston poytaxtida bo‘lib o‘tayotgan YUNESKO Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish hukumatlararo qo‘mitasining 20-sessiyasi ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.

Mazkur muhim voqea O‘zbekistonning maqsadli saʼy-harakatlari natijasi bo‘lib, Qoraqalpog‘istonning noyob madaniy anʼanasi xalqaro miqyosda eʼtirof etilganini yaqqol namoyish etmoqda.

Qo‘biz sanʼati O‘zbekistonning YUNESKO ro‘yxatlariga kiritilgan madaniy meros elementlari sonini o‘n oltitaga yetkazdi. Bu esa mamlakatimizning qadimiy sivilizatsiya va boy madaniyatning xalqaro markazlaridan biri sifatidagi maqomini tasdiqlamoqda.

Qo‘biz qadimgi torli-kamonli musiqa asbobi bo‘lib, turkiy xalqlar, ayniqsa, qoraqalpoqlar, qozoqlar va qirg‘izlar orasida keng tarqalgan. Qoraqalpoq qo‘bizi anʼanaviy tarzda yaxlit yog‘ochdan (ko‘pincha tutdan) yasaladi, otning yolidan qilingan ikkita torga ega bo‘lib, chuqur va betakror ohang hosil qiladi.

Jirov – qoraqalpoq dostonchilari va shoirlaridir. Ular qo‘biz jo‘rligida dostonlar va tarixiy rivoyatlar ijro etadi. Jirovchilik anʼanasi qoraqalpoq xalqining tarixi, falsafasi va maʼnaviy qadriyatlarini yetkazuvchi musiqiy va sheʼriy sanʼatning noyob uyg‘unligi hisoblanadi.

Qo‘biz yasovchi ustalar va unda ijro etadigan sozandalar safining kamayib ketayotgani oqibatida ushbu sanʼat elementining yo‘qolish xavfi mavjud. Shu sababli uni Zudlik bilan muhofaza ostiga olish ro‘yxatiga kiritish zarurati paydo bo‘lgan.

Sessiya ishtirokchilari mazkur noyob anʼanani kelajak avlodlar uchun saqlab qolish muhimligini alohida taʼkidladi.

Hukumatlararo qo‘mita sessiyasi davom etmoqda va uning doirasida O‘zbekistonning madaniy merosi ahamiyatini namoyish etuvchi qator tadbirlar rejalashtirilgan.

Xususan, bugun «Muqaddas merosning qayta tiklanishi: qo‘biz va qoraqalpoq jirovlarining epik anʼanasi» mavzusida sayd-ivent bo‘lib o‘tadi. Uning dasturiga taniqli jirovlar Baqbergen Sirimbetov va Davronbek Yendirbekovning jonli ijrosi, qo‘biz va jirovga bag‘ishlangan hujjatli film namoyishi, shuningdek, usta Marat Jaqsimuratov tomonidan qo‘biz musiqa asbobini yasash jarayonining jonli ko‘rgazmasi kiritilgan.

Juma kuni sessiyada qoraqalpoq, qozoq va qirg‘iz o‘tovlarining birgalikdagi nominatsiyasini Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritish masalasi ko‘rib chiqiladi. Bu mintaqaviy madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ladi.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Samandar Xodjiyev

samandar@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish