Logo

O'zbekistonning "Do'stlik" va "Eski Tuyatortar" kanallari Jahon irrigatsiya merosi obyekti sifatida tan olindi

Sentabr 13, 2025. 11:02 • 2 daq

193
O'zbekistonning "Do'stlik" va "Eski Tuyatortar" kanallari Jahon irrigatsiya merosi obyekti sifatida tan olindi

KUALA-LUMPUR, 13-sentabr. /"Dunyo" AA/. Joriy yilning 7-10-sentabr kunlari Malayziyaning Kuala-Lumpur shahrida 4-Butunjahon irrigatsiya forumi hamda Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi 76-Xalqaro ijroiya kengashi majlisi bo'lib o'tdi, deb xabar beradi "Dunyo" AA muxbiri.

Forum xalqaro suv xo'jaligi sohasidagi eng yirik tadbirlardan biri bo'lib, 70 dan ortiq dunyo davlatlari hukumatlari rasmiylari, yetakchi mutaxassislar, 120 ga yaqin xalqaro tashkilotlar va ilmiy jamoatchilik vakillarini birlashtirdi.

O'zbekiston Suv xo'jaligi vazirligi delegatsiyasi ishtirok etgan ushbu tadbirda irrigatsiyaning global ahamiyati, oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha mintaqaviy hamkorlik hamda suv resurslarini tejash va transchegaraviy suv resurslaridan samarali foydalanish sohasida qo'shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Forum doirasida tashkil etilgan zamonaviy suv texnologiyalari ko'rgazmasida qishloq xo'jaligida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va raqamli monitoring tizimlarini joriy etish kabi yo'nalishlarda dunyoning yetakchi davlatlari va xususiy sektor vakillari bilan tajriba almashildi.

Xalqaro irrigatsiya va drenaj komissiyasi 76-Xalqaro ijroiya kengashi majlisi doirasida O'zbekistonning "Do'stlik" va "Eski Tuyatortar" kanallari Jahon irrigatsiya merosi obyekti sifatida e'tirof etildi va ushbu nominatsiyalar bo'yicha "WHIS Award-2025" sertifikatlari topshirildi.

Komissiya Bosh kotibi Kumar Gupta bu kanallar nafaqat mintaqaviy, balki jahon miqyosida ham qimmatli irrigatsiya merosi ekanini alohida ta'kidlab o'tdi va O'zbekiston tomonining ushbu sug'orish obyektlarini saqlash bilan birga qatorda zamonaviy texnologiyalar bilan uyg'unlashtirish bo'yicha sa'y-harakatlarini olqishladi.

Shu bilan birga, ishtirokchilarga mamlakatimizda suv resurslari boshqarishda erishilayotgan yutuqlar va rejadagi loyihalar to'g'risida ma'lumot berildi. Jumladan, 2 million gektar sug'oriladigan yerda suv tejamkor texnologiyalar joriy etilgani va yillik 2 milliard m³ suv iqtisod qilingani xorijiy hamkorlarda katta qiziqish uyg'otdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish