“Russia News”: Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson qadri va ijtimoiy himoyasi kafolatlangan

Noyabr 29, 2026. 14:30 • 2 daq

• 1
“Russia News”: Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson qadri va ijtimoiy himoyasi kafolatlangan

SANK-PЕTЕRBURG, 29-noyabr. /“Dunyo” AA/. Nufuzli “Russia News” saytida Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada yozilishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganining 34 yilligi “Konstitutsiya – inson qadri ulug‘langan erkin hayot va yangi kelajak poydevori!” g‘oyasi asosida nishonlanmoqda. 

Ushbu shior mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning bosh maqsadi – inson qadrini yuksaltirish, aholi farovonligini ta’minlash va ijtimoiy adolat tamoyillarini mustahkamlashda Konstitutsiyaning o‘rni naqadar muhim ekanini ifoda etadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada O‘zbekistonning ijtimoiy davlat ekani mustahkamlab qo‘yilgan. Xususan, 46-moddaga muvofiq, har kim qarilikda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda yoki boquvchisidan mahrum bo‘lganda ijtimoiy ta’minot olish huquqiga ega.

Shuningdek, pensiya, nafaqa va boshqa ijtimoiy yordam turlari miqdori qonunda belgilangan minimal iste’mol xarajatlaridan kam bo‘lmasligi kafolatlangan. Bu ijtimoiy himoyani davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirdi.

Nashrda qayd etilishicha, O‘zbekistonda konstitutsiyaviy kafolatlarni hayotga tatbiq etish maqsadida ijtimoiy himoya tizimi tubdan takomillashtirilmoqda. 2023-yilda Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi, hududlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

2026-yil 1-fevraldan yagona Ijtimoiy reyestr joriy etilishi natijasida ehtiyojmand oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatishning yangi mexanizmi shakllandi. E’tiborlisi, ijtimoiy nafaqalarning bir qismi fuqarolarning murojaatisiz, axborot tizimlari orqali avtomatik ravishda tayinlanmoqda.

O‘zbekistonning ijtimoiy himoya sohasidagi tajribasi xalqaro miqyosda ham e’tirof etilmoqda. Mamlakatning Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksidagi o‘rni yaxshilanib, 2025-yilda 62-o‘rinni egallagani hamda Markaziy Osiyo va Sharqiy Yevropada 2015-yildan buyon eng tez taraqqiy etayotgan davlat sifatida qayd etilgani buning dalilidir.

Maqola xulosasida Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyada belgilangan ijtimoiy huquq va kafolatlar aniq dasturlar, zamonaviy institutlar va manzilli yordam mexanizmlari orqali hayotga tatbiq etilayotgani ta’kidlangan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish