Britaniya investorlariga O‘zbekiston infratuzilma loyihalari taqdim etilildi
Noyabr 29, 2026. 15:00 • 2 daq
• 14LONDON, 29-noyabr. /“Dunyo” AA/. Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlariga Britaniyaning yetakchi kompaniyalari va investorlarini jalb etish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga xizmat safari tashkil etildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mamlakatimiz delegatsiyasi tarkibidan O‘zbekiston temir yo‘llari, Milliy elektr tarmoqlari, Hududiy elektr tarmoqlari, “Uzbekistan Airports”, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Yangi Toshkent direksiyasi hamda “IT Park Uzbekistan” vakillari o‘rin oldi.
O‘zbekiston vakillari Londonda bo‘lib o‘tgan “Buyuk Britaniya – Markaziy Osiyo – Janubiy Kavkaz” infratuzilmani moliyalashtirish konferensiyasida ishtirok etdi. Unda mamlakatimizda transport, energetika, raqamlashtirish va shaharsozlik sohalarida amalga oshirilayotgan yirik infratuzilmaviy loyihalar taqdim etildi.
Konferensiya doirasida Yangi Toshkent loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Xorijiy hamkorlarni loyihaga jalb etish, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish va uni amalga oshirishda xalqaro tajribadan foydalanish maqsadida maxsus roud-shou tashkil etildi.
Tadbirda investorlar, moliya institutlari va qurilish sohasida faoliyat yurituvchi 100 nafardan ortiq yetakchi Britaniya kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Xizmat safari davomida O‘zbekiston delegatsiyasi Buyuk Britaniya hukumati, yirik moliyaviy tashkilotlar, investorlar, muhandislik va injiniring kompaniyalari vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda infratuzilmaviy loyihalarni moliyalashtirish, investitsiyalarni jalb etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi






