Germaniyaning Frayburg shahrida o'zbek oshxonasi va madaniyatiga bag'ishlangan festival o'tkazildi
Avgust 13, 2024. 10:26 • 2 daq
• 497
FRANKFURT-MAYN, 13-avgust. /"Dunyo" AA/. Frayburg shahridagi Myonxvayler ma'muriy okrugida an'anaviy o'zbek oshxonasi va madaniyatiga bag'ishlangan festival o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Festival O'zbekistonning Germaniyadagi diplomatik vakolatxonalari va "Vatandosh" jamoat fondi tashabbusi bilan hamyurtlarimiz Yevgeniy va Yuliya Shas bilan birgalikda tashkil etildi.
Tadbirda Germaniya va Yevropa davlatlarining turli burchaklaridan kelgan vatandoshlar, shuningdek, ishbilarmon va jamoat doiralari vakillari, jumladan, nemis tilidagi yirik "USBEKISTAN ONLINE" axborot platformasi asoschisi Gerxard Birkl ishtirok etdi.
Ishtirokchilar o'zbek milliy taomlaridan bahramand bo'lishdi, o'zbek xalqining o'ziga xos madaniyati bilan yaqindan tanishish va Yangi O'zbekiston hayotida kechayotgan dolzarb ijtimoiy-siyosiy yangiliklar bilan tanishish imkoniga ega bo'ldilar.
So'zga chiqqanlar mazkur tadbir vatandoshlar o'rtasida do'stlik va millatlararo totuvlik muhitini mustahkamlash, mamlakatimizning sayyohlik salohiyatini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladilar.
Shuningdek, o'zbek amaliy san'atining rang-barangligi va bor go'zalligini namoyish etuvchi milliy burchak tashkil etildi. Vatandoshlar o'zbek milliy raqs va qo'shiqlarini ijro etish barobarida, O'zbekistonning tarixiy merosiga bag'ishlangan ma'rifiy suhbatlar, intellektual o'yinlarda faol ishtirok etishdi.
Festival doirasida Anna Geber san'at maktabining O'zbekiston madaniyati, san'ati va hayotiga bag'ishlangan ijodiy ko'rgazmasi bo'lib o'tdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari uchun "Ebru" uslubida rasm chizish bo'yicha mahorat darslari tashkil etildi.
"Usbekische Kuche" guruhi asoschilari bilan Germaniya bo'ylab xalqaro madaniy festivallar doirasida qo'shma gastronomik tadbirlar o'tkazish, shuningdek, "USBEKISTAN ONLINE" platformasida bo'lajak muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirlarga bag'ishlangan dolzarb maqolalarni chop etish bo'yicha aloqalarni davom ettirish to'g'risida kelishuvga erishildi.
"Men Myunxen shahrida yashayman va ko'p yillardan buyon O'zbekiston madaniyatiga qiziqaman. O'zbekistonga qiziquvchi nemis aholisi orasida yetakchi o'rinni egallagan "USBEKISTAN ONLINE" internet portalida ishim natijalarini e'lon qilaman. Bugun O'zbekiston muhitini, mehmondo'stligi va bag'rikengligini his qilishingiz mumkin bo'lgan ushbu tadbirga taklif etilganimdan juda xursandman. O'zbek xalqiga baxt va farovonlik, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli demokratik islohotlarning davomi bo'ladigan parlament saylovlarida muvaffaqiyatlar tilayman", Gerxard Birkl.
"Biz Avstriyadan o'zbek oshxonasi va madaniyati festivaliga yurtdoshlarimizni ko'rish, o'zbekona mehmondo'stlik muhitini his qilish uchun keldik. Mening yaqin do'stim Sandro bunday tadbirga birinchi marta ishtirok etmoqda. Unga o'zbek oshxonasi, shuningdek, bag'rikeng va mehmondo'st xalqimiz qadriyatlari juda yoqdi. U go'zal yurtimiz haqida ko'proq ma'lumot olish uchun O'zbekistonga borish niyatida", dedi vatandoshimiz Aziza.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Tojikiston teatrida o‘zbek spektakli namoyish qilindi
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi