Logo

Jakartada "Meros uyg'unlikda: madaniyat orqali birlik" shiori ostida O'zbekiston madaniyati kechasi bo'lib o'tdi

Oktabr 06, 2025. 10:39 • 2 daq

93
Jakartada "Meros uyg'unlikda: madaniyat orqali birlik" shiori ostida O'zbekiston madaniyati kechasi bo'lib o'tdi

JAKARTA, 5-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Indoneziya poytaxtida Jakarta shahrida O'zbekiston madaniyati kechasi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Madaniy tadbir Indoneziya Milliy muzeyi qoshidagi "Ruan" teatrida "Meros uyg'unlikda: madaniyat orqali birlik" shiori ostida o'tkazildi.

Ikki davlat madhiyalari ijrosi bilan boshlangan anjumanda Indoneziya Madaniyat vazirligi rahbariyati, madaniyat arboblari, madaniyatshunos olimlar, jamoatchilik vakillari, soha mutaxassislari va matbuot xodimlari ishtirok etdi.

Madaniy kechada "Bahor" davlat milliy raqs ansambli jamoasining konsert dasturi taqdim etildi. Ijodiy guruh a'zolari indoneziyalik tomoshabinlarga o'zbek raqs san'ati hamda milliy musiqa va qo'shiqchilikning noyob namunalarini taqdim etib, O'zbekistonning boy madaniy merosini namoyish etdilar.

Musiqiy dastur mehmonlar tomonidan iliq kutib olindi. O'zbekiston san'atkorlarining chiqishlari, raqqosalarning ijro mahorati ko'plab olqishlarga sazovor bo'ldi.

Tadbirning ochilish marosimida Indoneziya madaniyat vaziri o'rinbosari Giring Ganesha Jumaryo nutq so'zladi.

U o'z kirish so'zida "Bahor" davlat milliy raqs ansamblining konserti Indoneziyada oyning eng muhim madaniy voqeasi bo'lganini qayd etdi.  

"O'zbekiston va Indoneziya xalqlari islom tarixi orqali uzoq yillik chuqur rishtalar bilan bog'langan. Xususan, islom sivilizatsiyasi taraqqiyotida Markaziy Osiyo allomalari, jumladan, O'zbekiston zaminidan yetishib chiqqan ulamo va mutafakkirlarning xizmatlari beqiyos. O'zbekiston buyuk islom olimi Imom Buxoriyning vatani hisoblanadi va bu omil ikki xalqni ma'naviy jihatdan ham yaqinlashtirib turadi. "Bugungi tadbir esa san'at orqali xalqlar o'rtasida jonli ko'prik vazifasini o'taydi", dedi u.

Indoneziya Milliy muzeyi rahbari Abi Kusno O'zbekiston madaniyatining o'ziga xosligi va boyligi haqida to'xtalar ekan, tadbir ikki mamlakat munosabatlarida yangi bosqich ochayotganini ta'kidladi. "O'zbekiston madaniyati nafaqat qadimiy va tarixiy, balki zamonaviy ijodiy yo'nalishlari bilan ham ajralib turadi. Shu jihatdan mazkur konsert noyob ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatlarimiz uzoq masofada joylashganiga qaramay, xalqlarimizni yaqinlashtirib turuvchi madaniy va ma'naviy bog'liqliklar mavjud", dedi u.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish