Malayziyalik kinoijodkorlar O‘zbekiston haqida serial suratga olmoqda

May 19, 2026. 12:55 • 2 daq

124
Malayziyalik kinoijodkorlar O‘zbekiston haqida serial suratga olmoqda

KUALA-LUMPUR, 19-may. /“Dunyo” AA/. Malayziyaning “RTM” davlat teleradiokompaniyasi buyurtmasi asosida “Rubbertapper Production” tomonidan O‘zbekistonda malay tilidagi 8 qismdan iborat “O‘zbekiston haqida muhabbat kundaligi” («Dairi Cinta Uzbekistan») nomli serial tasvirga olinmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu teleloyihani amalga oshirishda yurtimizning Malayziyadagi elchixonasi, Turizm qo‘mitasi, Madaniy meros agentligi hamda “Uzbekistan Airways” yaqin hamkorlik qilmoqda. Suratga olish ishlari ijodiy jamoa tomonidan Toshkent shahri va Samarqand viloyatining qator noyob tarixiy-madaniy hamda turistik maskanlarida olib borilmoqda.

Mazkur loyiha doirasida Janubi-Sharqiy Osiyoda keng tanilgan malayziyalik aktyor va aktrisalar o‘z ijtimoiy tarmoqlari orqali O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini faol targ‘ib qilmoqda. Ular tomonidan xalqaro aviachiptalar xaridi, zamonaviy aeroport xizmatlari, qulay mehmonxonalar, mahalliy transport tizimi, milliy taomlar va yurtimizning diqqatga sazovor maskanlari haqida 100 ga yaqin post va videoroliklar eʼlon qilingan. Bu materiallarda O‘zbekistonga sayohat qilishni rejalashtirayotgan xorijlik sayyohlar uchun foydali va batafsil maʼlumotlar taqdim etilmoqda.

Mutaxassislar fikricha, ushbu media loyiha O‘zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi, islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi hamda zamonaviy infratuzilmasini keng targ‘ib qilish orqali Malayziya va butun ASEAN mintaqasidan keluvchi sayyohlar oqimini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi.

1946-yilda tashkil etilgan “RTM” Janubi-Sharqiy Osiyodagi yirik va nufuzli mediatuzilmalardan biri hisoblanadi. Uning umumiy tomoshabinlar auditoriyasi qariyb 100 million kishini tashkil etadi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish