O‘zbekiston Prezidentining Turkistondagi TDT sammitida ilgari surgan deyarli barcha tashabbuslari amaliy ahamiyatga ega bo‘ldi
May 19, 2026. 11:55 • 9 daq
• 101
TOSHKENT, 19-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-may kuni amaliy tashrif bilan Turkiston shahrida bo‘lib, Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etdi. Tashrif doirasida siyosiy, iqtisodiy va gumanitar masalalar, shuningdek, oliy darajadagi qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi. O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Neʼmatov “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida sammitning ahamiyati, TDT rivojlanishidagi yangi tendensiyalar va O‘zbekiston tashabbuslari haqida so‘zlab berdi.
- O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkistonda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitidagi ishtiroki ham mazmunan, ham ikki tomonlama muloqotlar ko‘lamiga ko‘ra juda boy bo‘ldi. Sizningcha, ushbu sammit nima bilan yodda qoldi va uning o‘ziga xosligi nimada?
- Avvalambor, ushbu tashrif Turkiy davlatlar tashkilotining rivojlanishidagi sifat jihatidan yangi bosqichni, shuningdek, Markaziy Osiyoning shakllanayotgan Yevroosiyo hamkorligi arxitekturasidagi rolini aks ettirganini taʼkidlamoqchiman.
Qayd etish joizki, bu galgi sammitning diqqat markazida nafaqat madaniy-gumanitar hamkorlik masalalari, balki iqtisodiy va texnologik taraqqiyot kelajagi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan raqamlashtirish, sunʼiy intellekt, transport o‘zaro bog‘liqligi, innovatsiyalar kabi mavzular ham bo‘ldi. Bu TDTning yana-da pragmatik va amaliy hamkorlikka yo‘naltirilgan platformaga bosqichma-bosqich aylanayotganidan darak beradi.
Mamlakatimiz Yevroosiyoda ochiq, o‘zaro manfaatli va texnologiyalarga yo‘naltirilgan hamkorlikni rivojlantirish tarafdori bo‘lgani uchun bunday yondashuv O‘zbekiston uchun ayniqsa muhimdir. Global o‘zgarishlar sharoitida aynan o‘zaro bog‘liqlik, barqaror taʼminot zanjirlari, raqamli infratuzilma va qo‘shma sanoatni rivojlantirish masalalari mintaqalarning uzoq muddatli raqobatbardoshligining asosiy omillariga aylanmoqda.
Bu galgi sammitning o‘ziga xosligi shundaki, Markaziy Osiyoning mintaqaviy dinamikada mustaqil markaz sifatidagi roli tobora yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Uchrashuvning aynan turkiy dunyoning eng muhim maʼnaviy va tarixiy markazlaridan biri bo‘lgan Turkistonda o‘tkazilgani ramziy maʼnoga ega. Bu mintaqamizning nafaqat tarixiy-madaniy mushtaraklik makoni, balki iqtisodiy, transport va gumanitar o‘zaro bog‘liqlikning muhim tuguni sifatidagi ahamiyati ham ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Davlatimiz rahbarining Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an bilan ikki tomonlama uchrashuvlari alohida eʼtiborga loyiq. Ular yuqori darajadagi ishonch va mintaqaviy muloqotning intensivligini namoyish etdi.
Xususan, Qirg‘iziston tomoni bilan muzokaralar chog‘ida yirik infratuzilma loyihalarini, eng avvalo, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘lini ilgari surishga alohida eʼtibor qaratildi. Bugungi kunda bunday loyihalar nafaqat transport, balki strategik ahamiyatga ega, chunki ular Yevroosiyoning yangi geoiqtisodiy konfiguratsiyasini shakllantiradi va Markaziy Osiyoning asosiy tranzit va ishlab chiqarish makoni sifatidagi rolini kuchaytiradi.
Turkiya yetakchisi bilan uchrashuv O‘zbekiston-Turkiya munosabatlari barqaror keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini yana bir bor tasdiqladi. Gap endi nafaqat savdo yoki investitsiyalarning o‘sishi, balki sanoat, texnologiya, logistika, taʼlim va boshqa sohalarda uzoq muddatli hamkorlikni shakllantirish haqida bormoqda.
Tashrifning gumanitar jihati ham g‘oyat ahamiyatlidir. O‘zbekiston tomonining Turkistonda qurdirgan masjidini ziyorat qilishi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlari mustahkamlanib borayotganining yorqin ramzi, xalqlarimizning umum tarixiy, maʼnaviy va madaniy yaqinligining ifodasi bo‘ldi. Bugungi kunda gumanitar yo‘nalish mintaqadagi iqtisodiy va siyosiy hamkorlikni tobora uzviy to‘ldirib borayotgani muhim ahamiyatga ega.
Kengroq doirada ushbu tashrif O‘zbekiston barcha hamkorlar bilan konstruktiv hamkorlikni rivojlantirish tarafdori bo‘lib, ochiq va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettirayotganini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo davlatlari turkiy hamkorlikka yopiq geosiyosiy loyiha sifatida emas, balki Yevroosiyodagi keng qamrovli inklyuziv va o‘zaro manfaatli hamkorlik arxitekturasining bir qismi sifatida qarashi muhim ahamiyatga ega.
Shuning uchun ham bugungi kunda Markaziy Osiyo yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro bog‘liqlik, pragmatizm va mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun umumiy masʼuliyat tamoyillariga asoslangan o‘z kun tartibiga ega bo‘lgan xalqaro munosabatlarning mustaqil subyekti sifatida tobora mustahkamlanib bormoqda.
- Turkistonda bo‘lib o‘tgan TDT norasmiy sammitida O‘zbekiston qanday kun tartibi bilan chiqdi va sizningcha, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarda nimalar alohida eʼtiborga loyiq?
- O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida nafaqat turkiy dunyoning madaniy-sivilizatsiyaviy hamjamiyatini mustahkamlashga, balki eng avvalo, texnologik, transport, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikning yangi arxitekturasini shakllantirishga qaratilgan juda keng qamrovli va ayni paytda pragmatik kun tartibini ilgari surdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu galgi nutqining o‘ziga xos jihati shundaki, unda TDTning asosan siyosiy-madaniy platformadan XXI asrning eng istiqbolli va strategik jihatdan nozik sohalari - sunʼiy intellekt, raqamli infratuzilma, logistika, iqlim xavfsizligi va kiberbarqarorlik bo‘yicha amaliy integratsiya mexanizmiga o‘tishiga urg‘u berildi.
Eʼtiborlisi, O‘zbekiston aslida “raqamli turkiy makon”ning konseptual ko‘rinishini taklif qildi. Gap endi shunchaki gumanitar yaqinlik yoki savdoni kengaytirish haqida emas, balki umumiy texnologik ekotizim yaratish haqida bormoqda. Aynan shu nuqtai nazardan sunʼiy intellekt sohasida strategik hamkorlik tarmog‘ini shakllantirish tashabbusi, shuningdek, mintaqaviy maʼlumotlar markazlari va raqamli platformalarni yuqori tezlikdagi aloqa kanallari orqali bog‘lashi kerak bo‘lgan “Raqamli turkiy koridor” konsepsiyasi ilgari surildi.
O‘zbekiston Prezidenti raqamli kun tartibini turkiy sivilizatsiyaning tarixiy va intellektual merosi bilan bog‘lagani ayniqsa muhimdir. Muhammad Al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy va Mirzo Ulug‘beklarning nomlariga murojaat qilish nutqqa yana-da chuqur va ko‘lamli mazmun bag‘ishladi. Bu bilan zamonaviy texnologik modernizatsiya tashqi o‘zlashtirish emas, balki mintaqaning o‘z ilmiy merosining tabiiy davomi sifatida qaralishi taʼkidlandi.
O‘zbekistonning hamkorlikni institutsionalizatsiya qilish g‘oyasini ilgari surgani yana bir muhim jihat bo‘ldi. Prezidentning deyarli barcha tashabbuslari amaliy ahamiyat kasb etib, o‘zaro hamkorlikning aniq mexanizmlarini, jumladan, Qozog‘iston bilan qo‘shma venchur fondini, Toshkentda Texnologiyalar forumini, umumiy madaniy merosni birlashtirish uchun “katta maʼlumotlar” platformasini, Kiberxavfsizlik bo‘yicha turkiy alyansni hamda sunʼiy yo‘ldosh maʼlumotlari asosida iqlim xatarlarini monitoring qilish tizimini yaratishga qaratildi.
O‘zbekiston “raqamlashtirish - transport o‘zaro bog‘liqligi – xavfsizlik” aloqasini izchil ilgari surayotgani ham eʼtiborga molik. Nutqda O‘rta yo‘lakni Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li bilan integratsiya qilish, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish va yagona logistika makonini ishga tushirishga alohida eʼtibor qaratildi. Aslida, gap Markaziy Osiyo chekka hudud emas, balki asosiy tugunlardan biriga aylanadigan yangi Yevroosiyo transport-texnologik chiziqlarini shakllantirish haqida bormoqda.
Ekologik tashabbuslar bloki alohida eʼtiborga loyiq. O‘zbekiston iqlim kun tartibiga turkiy makonning jamoaviy xavfsizligi masalasi sifatida qarashni taklif qildi. TDT doirasida 2027-yilni Tabiatni muhofaza qilish yili deb eʼlon qilish tashabbusi, shuningdek, qurg‘oqchilik, tuproq degradatsiyasi va muzliklarning erishini birgalikda monitoring qilish bo‘yicha takliflar Tashkilotga yana-da zamonaviy va global miqyosda talab qilinadigan kun tartibini berishga intilishdan dalolat beradi.
O‘sib borayotgan xalqaro notinchlik sharoitida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishonch, muvofiqlashtirish va jamoaviy barqarorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratgani ham muhim ahamiyatga ega. Kiberxavfsizlik bo‘yicha Turkiy alyansni tashkil etish taklifi bugungi kunda yangi tahdidlar nafaqat anʼanaviy harbiy-siyosiy sohada, balki raqamli makonda ham shakllanayotganining ifodasidir.
Umuman olganda, O‘zbekistonning chiqishi Toshkent TDTga Yevroosiyoning texnologik, iqtisodiy va gumanitar rivojlanishning mustaqil markazlaridan biriga aylanishga qodir bo‘lgan uzoq muddatli strategik hamkorlik platformasi sifatida qarashini ko‘rsatdi. Shu bilan birga, o‘zbek yondashuvining o‘ziga xos xususiyati pragmatizm, institutsional tafakkur va ochiq mintaqaviy bog‘liqlik g‘oyasining uyg‘unligidadir.
- Umuman olganda, TDT sammiti yakunlarini qanday baholaysiz va uning bugungi kundagi amaliy ahamiyati nimada?
- Kengroq strategik kontekstda gapiradigan bo‘lsak, Turkiy davlatlar tashkilotining yakunlangan sammiti TDT jadal o‘zgarib borayotgan dunyoda hamkorlikning asosan ramziy va gumanitar modelidan to‘laqonli amaliy hamkorlik platformasini shakllantirishga bosqichma-bosqich o‘tayotganini ko‘rsatdi.
Va bu, ehtimol, Turkistondagi uchrashuvning asosiy natijasidir.
Bugungi kunda xalqaro tizim chuqur transformatsiya davrini boshdan kechirmoqda. Geosiyosiy parchalanish kuchaymoqda, transport yo‘nalishlari, texnologiyalar, resurslar va bozorlar uchun raqobat ortib bormoqda. Odatiy logistika zanjirlari buzilmoqda, infratuzilma barqarorligi, energetika xavfsizligi, raqamli suverenitet va oziq-ovqat xavfsizligi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu fonda davlatlar tashqi zarbalarga chidamlilikni taʼminlay oladigan mintaqaviy hamkorlik formatlarini tobora faol izlamoqda.
TDT sammiti yakunlarini aynan shu nuqtai nazardan ko‘rib chiqish lozim.
Uchrashuvning amaliy ahamiyati, eng avvalo, turkiy dunyo mamlakatlari mavhum integratsiya g‘oyalarini emas, balki birgalikda rivojlanishning aniq mexanizmlarini – transport yo‘laklari, raqamli infratuzilma, texnologik kooperatsiya, iqlimga chidamlilik, logistika va kiberxavfsizlikni muhokama qila boshlaganida namoyon bo‘ladi.
Yetakchilarning deyarli barcha maʼruzalari u yoki bu darajada o‘zaro bog‘liqlik va barqarorlik masalalariga bag‘ishlangani diqqatga sazovordir. Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev turkiy makonning transport-tranzit salohiyatini mustahkamlash va O‘rta yo‘lakni rivojlantirish zarurligiga eʼtibor qaratdi. Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an TDT mamlakatlari o‘rtasida logistika integratsiyasi va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish muhimligini taʼkidladi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev transport aloqalari va mintaqaning yangi Yevroosiyo yo‘nalishlarini shakllantirishdagi o‘rniga alohida eʼtibor qaratdi. Bularning barchasi aynan transport, logistika va infratuzilmaviy o‘zaro bog‘liqlik bugungi kunda yangi mintaqaviy iqtisodiyotning asosiga aylanayotganini aks ettiradi.
Shu maʼnoda Markaziy Osiyo asta-sekin Yevroosiyoning muhim tugunlaridan biriga aylanmoqda. Mintaqaga endi shunchaki tranzit hudud sifatida qaralmayapti. Bugun bu yerda Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘laydigan yangi ishlab chiqarish, logistika va investitsiya markazini barpo etish haqida gap ketmoqda.
Shu bois Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston temir yo‘li, O‘rta yo‘lakni integratsiya qilish, bojxona tartib-taomillarini raqamlashtirish, maʼlumotlar markazlari va logistika platformalarini rivojlantirish masalalari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Amalda Yevroosiyoning yangi infratuzilma geografiyasi shakllanmoqda.
Sammitda transport aloqasi, raqamlashtirish va xavfsizlik o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik aniq belgilab berilgani ayniqsa muhimdir. Bugungi kunda davlatlarning barqarorligi nafaqat harbiy salohiyat, balki transport yo‘laklari, energetika tarmoqlari, raqamli infratuzilma va taʼminot zanjirlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash qobiliyati bilan ham belgilanadi.
Shu maʼnoda, O‘zbekistonning tashabbuslari o‘z vaqtida ilgari surilgan va strategik jihatdan puxta o‘ylangani ko‘rinadi. “Raqamli turkiy koridor”, Turkiy kiberxavfsizlik alyansi, iqlim xavflarini monitoring qilish tizimi, qo‘shma sunʼiy intellekt platformalarini yaratish bo‘yicha takliflar XXI asr raqobati tobora ko‘proq texnologik va infratuzilmaviy sohalarda kechishini anglashni aks ettiradi.
Iqlim kun tartibi alohida eʼtiborga loyiq. Bir necha yil oldin bunday mavzular ikkinchi darajali deb qabul qilingan bo‘lsa, bugungi kunda ular bevosita iqtisodiy barqarorlik va xavfsizlik masalalari bilan bog‘liq. Suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi, ekstremal ob-havo hodisalari energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va migratsiya jarayonlariga bevosita taʼsir ko‘rsatmoqda. Shu bois O‘zbekistonning iqlim xatarlarini monitoring qilish mexanizmlarini yaratish va 2027-yilni Tabiatni muhofaza qilish yili deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi taklifi juda dolzarb.
Sammit Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi siyosiy ishonchning yuksak darajasini namoyish etgani ham eʼtiborga molik. Bir necha yil avval mintaqaviy hamkorlikning bunday jadal darajasini tasavvur qilish qiyin edi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo yirik davlatlar tashqi siyosatining obyekti emas, balki o‘z kun tartibini shakllantirish va yirik mintaqaviy tashabbuslarni ilgari surishga qodir bo‘lgan xalqaro munosabatlarning mustaqil subyekti sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Umuman olganda, sammitning amaliy foydasi mintaqaning uzoq muddatli barqarorligini mustahkamlashdan iborat deyish mumkin. Gap turkiy makon mamlakatlariga texnologik, iqtisodiy, iqlimiy va geosiyosiy kabi global o‘zgarishlarga birgalikda moslashish imkonini beradigan mexanizmlarni yaratish haqida ketmoqda.
Shuning uchun ham bugungi sammitga nafaqat diplomatik tadbir, balki Yevroosiyoda pragmatizm, o‘zaro bog‘liqlik, texnologik rivojlanish va jamoaviy barqarorlikka asoslangan mintaqaviy hamkorlikning yangi modelini shakllantirishning muhim bosqichi sifatida qarash lozim.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




