Logo

Dubayda o'zbek rassomlari ko'rgazmasi ochildi

Aprel 30, 2025. 14:50 • 2 daq

794
Dubayda o'zbek rassomlari ko'rgazmasi ochildi

DUBAY, 30-aprel. /"Dunyo" AA/. Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida  mashhur o'zbek rassomlari Timur Ahmedov, Timur Davas va Alfiz Sabirov asarlaridan iborat ko'rgazma ochildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ko'rgazma O'zbekiston Bosh konsulxonasi tashabbusi bilan "Andakulova Gallery" san'at asarlari ko'rgazmasi asoschisi, vatandoshimiz Natalya Andakulova va "Legends Art Club" kompaniyasi ko'magida tashkil etildi.

Mazkur madaniy tadbir O'zbekiston rassomchilik san'atini xalqaro miqyosda keng targ'ib qilish va mamlakatimizni zamonaviy san'atning eng muhim markazlaridan biri sifatida tanitish maqsadida uyushtirildi. Shuningdek, mazkur tadbir O'zbekistonning sayyohlik imijini yuksaltirish, boy madaniy merosi va sayyohlik salohiyatini xalqaro darajada targ'ib qilishga qaratilgan.

Ko'rgazmaning tantanali ochilish marosimida Birlashgan Arab Amirliklarida akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus rahbarlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari, sayyohlik kompaniyalari vakillari va boshqalar hozir bo'ldi.

O'zbekiston bosh konsuli Kamol Ikromov o'z nutqida, ishtirokchilarni yurtimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy islohotlar, mamlakatimizning boy sayyohlik va sarmoyaviy salohiyati, tarixiy va madaniy merosi, gastronomik turizm yo'nalishidagi imkoniyatlari bilan tanishtirdi. 

Ishtirokchilar o'z navbatlarida, O'zbekistonning so'nggi yillarda turli sohalarda erishgan yutuqlari, xalqaro maydondagi nufuzi va taraqqiyot yo'lidagi izchil islohotlarini yuksak baholashdi. Shuningdek, mamlakatimizning madaniy salohiyati, jozibali sayyohlik imkoniyatlari va xalqaro miqyosda ortib borayotgan ahamiyati hamda O'zbekiston Markaziy Osiyodagi zamonaviy san'at markazi sifatida e'tirof etildi.

Ko'rgazmada namoyish etilgan asarlar tadbir mehmonlarida katta qiziqish uyg'otdi. Ular orasida O'zbekiston yutuqlari va insoniyat hayotining barcha jabhalariga ta'sir ko'rsatgan global o'zgarishlarga bag'ishlangan asarlar alohida e'tirofga sazovor bo'ldi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish