Varshava shahrida O'zbekiston tarixi va madaniyatiga bag'ishlangan fotoko'rgazma ochildi
Yanvar 23, 2024. 17:10 • 3 daq
• 142
VARSHAVA, 23-yanvar. /"Dunyo" AA/. Varshavada taniqli polshalik sayohatchi, etnograf va o'lkashunos Leon Barshchevskiyning o'zbek xalqining XIX asr oxiriga oid tarixiga bag'ishlangan fotoko'rgazmasi ochildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ko'rgazma O'zbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan Zigmunt Yan Rumla nomidagi shahar kutubxonasi va Leon Barshchevskiyning nevarasi hamda arxivi egasi Igor Stroyeskiy bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Eslatib o'tamiz, Leon Barshchevskiy 1876-yildan boshlab Samarqandda 21 yil yashagan. Ushbu yillar davomida o'zbek xalqining an'ana va urf-odatlarini, o'sha davrdagi tarixiy voqealarni aks ettiruvchi 3 mingdan ortiq fotosuratlar olgan.
Ko'rgazma o'zbek xalqining boy tarixi, madaniyati, an'analari, xalq amaliy san'ati va O'zbekistonning sayyohlik salohiyati bilan tanishtirishga bag'ishlangan.
Ochilish marosimida madaniyat markazlari, mahalliy shahar muzeyi rahbariyati va xodimlari, madaniyat va san'atshunos olimlar, Polshaning mashhur amaliy san'at ustalari, ommaviy axborot vositalari vakillari, shuningdek, Varshavada istiqomat qilayotgan O'zbekiston fuqarolari qatnashdi.
Ishtirokchilar respublikamizning zamonaviy taraqqiyoti, salohiyati va turizm imkoniyatlari haqidagi ma'lumotlar bilan tanishdilar.
Tadbir doirasida «O'zbekiston kecha va bugun» mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi. Unda Yurtimiz, tarixiy shaharlarimiz, me'moriy obidalarimiz haqida namoyish etilgan videofilmlar namoyish etilda, ular ishtirokchilarda katta qiziqish uyg'otdi.
San'atshunos olimlar, muzey xodimlari, O'zbekistonning ko'p asrlik tarixi va madaniyatiga qiziquvchi san'at ixlosmandlarining yuqori e'tiborini jalb etayotgan ko'rgazma 20-fevralgacha davom etadi.
Ko'rgazma tashkilotchisi, Leon Barshchevskiyning nabirasi va arxivining egasi Igor Stroyeskiy:
- Bugun biz Varshavadagi kutubxonada O'zbekiston tarixiga bag'ishlangan ko'rgazmani ochilish marosimida qatnashdik. Shuningdek, ushbu ko'rgazmada O'zbekiston bo'ylab sayohatim davomida olingan fotosuratlar ham o'rin olgan.
Tadbirga kelganlar O'zbekiston tarixi, milliy kiyimlar, jumladan choponlar, so'zanalar va boshqa muhim eksponatlarni ko'rishlari mumkin.
«Osiyo va Tinch okeani» muzeyining O'zbek kolleksiyalari bo'limi rahbari Karalina Kshiviska:
- Bu yerga biz ajoyib fotograf Leon Barshchevskiyning XIX asr oxirlariga tegishli Buxoro amirligi va Samarqandga bag'ishlangan ko'rgazmasini ochilish marosimida ishtirok etish uchun keldik.
Leon Barshchevskiyning nabirasi Igor Stroyeskiy tomonidan tashkil etilgan ko'rgazmada, birinchi navbatda, Leon Barshchevskiyning XIX asr oxiridagi eski Samarqand dunyosini tasavvur qilishimiz mumkin bo'lgan fotosuratlarini ko'rishimiz mumkin.
Shuningdek, O'zbekistonning milliy matolarini va o'ziga xos an'anaviy so'zanalari, milliy kiyim va suvenirlar ham tomoshabinga katta qiziqish uyg'otadi.
Men O'zbekistonga sakkiz marta bo'lganman. So'nggi marta 2023-yilda Igor Stroyeskiy bilan «O'zbekiston madaniy merosi – yangi Renessans poydevori» VI Xalqaro kongressida qatnashdik.
Sizga ham ushbu ko'rgazmaga tashrif buyurishingizni maslahat beraman. Shu bilan birga, men Sizni O'zbekistonga tegishli eng yirik kolleksiyalarga ega «Osiyo va Tinch Okeani» muzeyiga ham taklif etaman.
Varshava shahridagi Vistula universiteti talabasi Javohir Raximov:
- Bugun Varshavada O'zbekiston elchixonasi tomonidan mamlakatimiz tarixi, madaniyatini Polsha fuqarolariga va faollarini yaqindan tanishtirish maqsadida o'tkazilayotgan ko'rgazmada ishtirok etdik. Biz Polshada ta'lim olayotgan o'zbek yoshlari bu kabi tadbirlarning o'tkazilishidan juda xursandmiz.
Polshada istiqomat qilayotgan vatandoshimiz Nargiza Ibragimova:
- Polshada O'zbekistonga bag'ishlangan ko'rgazmaning ochilish marosimi juda chiroyli tarzda bo'lib o'tdi. Men ancha yillardan beri Polshada istiqomat qilyapman. Ushbu ko'rgazma haqida eshitib, qizim bilan keldim. Qizim ko'rgazmani ko'rib, o'zbek millatini Polshada tanishtirilayotganidan juda xursand bo'ldi.
Bunday madaniy tadbirlarni nafaqat Varshavada balki Polshaning boshqa shaharlarida ham tashkil etilishiga umid qilamiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Tojikiston teatrida o‘zbek spektakli namoyish qilindi
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi