Yaponiyalik taniqli qo'shiqchi va sozanda "O'zbek madaniyati elchisi" etib tayinlandi
Yanvar 30, 2025. 10:56 • 2 daq
• 248
TOKIO, 30-yanvar. /"Dunyo" AA/. Yaponiyalik taniqli qo'shiqchi va sozanda Mashu Komazaki "O'zbek madaniyati elchisi" etib tayinlandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mazkur loyiha O'zbekiston va Yaponiya o'rtasida madaniy aloqalarni yanada kengaytirish, yurtimiz boy madaniy merosi, xususan milliy musiqasi va kuylarini kunchiqar mamlakatda keng targ'ib qilish maqsadida mamlakatimiz elchixona tomonidan O'zbekiston Madaniyat vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Mashu Komazakini Yaponiyadagi "O'zbek madaniyati elchisi" etib tayinlashga bag'ishlangan tantanali tadbir o'tkazildi. Unda elchi Muhsinxo'ja Abdurahmonov O'zbekiston va Yaponiya o'rtasidagi madaniy-ma'rifiy aloqalarni rivojlantirish, yapon jamoatchiligini yurtimizning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishga qo'shayotgan munosib hissasi uchun Komazaki Mashu xonimga "O'zbek madaniyati elchisi" ko'krak nishoni va sertifikati tantanali ravishda topshirdi.
Elchi "O'zbek madaniyati elchisi" degan maqom birinchi bo'lib Yaponiya fuqarosiga berilgani, albatta O'zbekiston hukumati tomonidan Yaponiya bilan madaniy aloqalarni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e'tiborning tasdig'i ekanligini ta'kidladi. Ushbu yuksak maqom Komazaki Mashuga Yaponiyada O'zbekiston madaniyati va san'atini yanada targ'ib qilishida keng imkoniyatlar ochilishi qayd etildi.
Mashu Komazaki bunday sharafli maqomni xorijiy fuqarolar orasida birinchi bo'lib olganidan benihoya baxtli ekanligini bildirib, yuksak ishonch uchun O'zbekiston hukumatiga minnatdorlik bildirdi.
"O'zbek madaniyati elchisi" maqomi mening keyingi faoliyatimda katta imkoniyatlar yaratishi bilan bir qatorda mas'uliyat hamdir. Shu kungacha Yaponiyada tashkil etilayotgan madaniy tadbirlarda o'zbek milliy kuy va qo'shiqlarini ijro etganimdan so'ng, ko'plab yapon tomoshabinlari "Mashu xonim, ochig'ini aytsak, Sizning ijroingiz orqali Buyuk ipak yo'lidagi sirli mamlakat haqida bizda yorqin tasavvurlar paydo bo'ldi. Biz Siz bilan O'zbekistonga tashrif buyurishni xohlar edik", degan so'zlarni eshitganimda san'at inson qalbiga naqadar chuqur ta'sir qilishidan hayratlanaman. Bu meni yanada ko'proq ijod qilishga va Yaponiyada yurtingiz ixlosmandlari sonini oshirishga ilhomlantiradi", dedi u.
Tadbirda Yaponiyada mamlakatimizning madaniy salohiyatini keng targ'ib qilish bo'yicha qo'shma loyihalarni birgalikda amalga oshirish, OAVda O'zbekiston haqida turkum materiallarni e'lon qilish bo'yicha kelishib olindi.
Mashu Komazaki Tokio shahrida tug'ilgan. 2010-yilda Tokio musiqa universiteti fortepiano fakultetini tamomlagan. 2015-2017-yillarda Yaponiyaning xorijdagi hamkorlik ko'ngillilari (JOCV) dasturi bo'yicha Buxoro shahridagi o'rta umumta'lim maktabida musiqa o'qituvchisi sifatida ishlagan. O'zbekistondagi faoliyati davomida o'zbek milliy musiqa asboblari, xususan dutor chalishni o'rgangan. U 2018-yilda O'zbekistonda bo'lib o'tgan Birinchi xalqaro maqom san'ati anjumanida o'zbek dutorida "Sunbula" kuyini ijro etib, faxrli uchinchi o'rinni egalladi. 2024-yilda o'tkazilgan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali va "Boysun bahori" xalqaro folklor festivalida ham faxrli uchinchi o'rinni qo'lga kiritgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Tojikiston teatrida o‘zbek spektakli namoyish qilindi
Germaniya poytaxtida o‘zbek so‘zanalari ko‘rgazmasi tashkil etildi
Polshada “Ayol qismati” o‘zbek filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi