Moskvada O‘zbekiston madaniyati va merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi
Noyabr 18, 2026. 13:00 • 2 daq
• 60MOSKVA, 18-noyabr. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Rossiyadagi elchixonasi hamda Rossiya xalqlar do‘stligi universiteti qoshidagi “Yangi avlod yoshlari” o‘zbek yurtdoshlar birlashmasi hamkorligida O‘zbekiston madaniyati, milliy an’analari va ma’naviy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir “Bizni Moskva do‘stlashtirdi” festivali doirasida tashkil etildi. Uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad – xalqlar o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish hamda talabalar va festival mehmonlari o‘rtasida O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosini keng targ‘ib qilishdan iborat.
Tashrif buyuruvchilar mamlakatimiz madaniyati, uning boy tarixi, urf-odat va an’analari, bugungi yutuqlari bilan yaqindan tanishdilar.
“Bir Vatan, bir millat, bir bayroq!” shiori ostida O‘zbekiston Davlat bayrog‘i qabul qilinganining 35 yilligi nishonlanishi ko‘rgazmaga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Ko‘rgazma doirasida bayroqning tinchlik, birdamlik, farovonlik va xalqimizning milliy g‘ururini o‘zida mujassam etgan, mustaqillik hamda suverenitetning eng muhim ramzlaridan biri sifatidagi o‘rni alohida e’tirof etildi.
Tadbir rossiyalik va xorijiy talabalarni O‘zbekistonning boy madaniy rang-barangligi bilan tanishtirishga imkon yaratdi. Shu bilan birga, do‘stlik rishtalarini mustahkamlash hamda chet eldagi o‘zbek yoshlarining milliy o‘zligini asrab-avaylashiga xizmat qildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi


