Logo

AQShda O'zbekiston yoshlari kuni munosabati bilan "Yoshlar – istiqbol poydevori" shiori ostida tadbir o'tkazildi

Iyun 20, 2025. 12:39 • 2 daq

597
AQShda O'zbekiston yoshlari kuni munosabati bilan "Yoshlar – istiqbol poydevori" shiori ostida tadbir o'tkazildi

VASHINGTON, 20-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tashabbusi bilan AQSh poytaxtida 30 iyun – Yoshlar kuniga bag'ishlab "Yoshlar – istiqbol poydevori" shiori ostida "Yoshlar forumi" o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.  

Forumda AQShning turli shtatlarida joylashgan yetakchi oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan O'zbekistonlik talabalar, xalqaro tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan hamyurtlarimiz, tadqiqotchilar, yosh mutaxassislar hamda bir qator xorijlik yosh mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbirda O'zbekistonning zamonaviy va intellektual salohiyatini belgilab beruvchi yoshlar qatlamining o'rni, ularning jamiyat va davlat taraqqiyotidagi ishtiroki xususida so'z yuritildi.

Forumda "El-yurt umidi" jamg'armasi ijrochi direktori Gulnoza Ismailova so'zga chiqib, jamg'arma faoliyati, xorijda ta'lim olayotgan talabalarni qo'llab-quvvatlash dasturlari hamda Vatanga qaytgach ularni kasbga yo'naltirish mexanizmlari haqida batafsil ma'lumot berdi.

Garvard tibbiyot maktabi doktoranti Nilufar Qahorova shaxsiy ilmiy tajribasi asosida AQShdagi akademik muhit va yosh olimlar uchun mavjud imkoniyatlar haqida o'z tavsiyalari bilan o'rtoqlashdi.

"O'zbekiston Raqamli avlodi" nodavlat-notijorat tashkiloti direktori Azamat Jalolov yoshlar oid davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlari startaplar, innovatsiya va raqamli texnologiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollari yuzasidan so'z yuritdi.

Tadbir interaktiv va ochiq muloqot formatida tashkil etilib, yoshlarni qiziqtirgan savollar yuzasidan hamda turli sohalardagi muammolar va ularning yechimi bo'yicha fikr almashildi. O'z navbatida, ishtirokchilar O'zbekiston hukumati tomonidan xorijdagi yoshlarni qo'llab-quvvatlash, elchixonalar va konsullik muassasalari orqali ko'rsatilayotgan yordam hamda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni e'tirof etdi.

Arizona universiteti talabalari tomonidan tashkil qilingan O'zbekistonlik talabalar uyushmasi vakili Malika To'ychibayeva o'z navbatida, AQShga ta'lim olish uchun kelgan yoshlarni mamlakat muhiti bilan tanishtirish, ta'lim jarayoniga moslashishda ko'maklashish bo'yicha Uyushma tomonidan yo'lga qo'yilgan amaliyot to'g'risida ma'lumot berdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish