O'mon bosma nashrlari Samarqandda bo'lib o'tadigan "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" sammiti haqida yozmoqda
Aprel 23, 2025. 10:58 • 2 daq
• 120
MASKAT, 23-aprel. /"Dunyo" AA/. O'monning ommabop "Asdaaoman" gazetasida O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo'limi boshlig'i Alisher Qodirovning Samarqand shahrida bo'lib o'tadigan "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" ikkinchi sammitiga bag'ishlangan maqolasi bosildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

"Ko'rfaz arab davlatlari va Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasidagi munosabatlar o'zaro tarixiy, madaniy va ma'rifiy aloqalarga asoslangan bo'lib, hozirgi kunda global muammolarni hal etishda muhim diplomatik vositaga aylanmoqda", – deb yozgan muallif.
U, shuningdek, mintaqalar o'rtasidagi hamkorlikning to'rt bosqichiga alohida to'xtalib o'tgan va har bir davrning muhim jihatlari batafsil tahlil qilgan.
Qayd etilishicha, 2023-yil 19-iyulda Jidda shahrida "Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" formatida o'tkazilgan birinchi sammit tarixiy voqea sifatida e'tirof etildi.
"Ushbu sammitda O'zbekiston Prezidenti biznes vakillari ishtirokida Qo'shma investorlar kengashini tuzish, uning ilk yig'ilishini Samarqandda o'tkazish, erkin savdo hududini tashkil etish, Transafg'on temir yo'li loyihasida faol ishtirok etish, "Ko'rfaz-Markaziy Osiyo" yagona vizasiz turizm makonini yaratish kabi tashabbuslarni ilgari surgan edi", – deyilgan nashrda.
O'mon bosma nashri, 2024-yil 15-aprelda Toshkentda bo'lib o'tgan mazkur format tashqi ishlar vazirlarining ikkinchi uchrashuvi doirasida birinchi sammit natijalarini amalga oshirish va 2025-yil may oyida Samarqandda bo'lib o'tadigan ikkinchi sammitga tayyorgarlik masalalari muhokama qilinganini urg'ulagan.
Ta'kidlanishicha, energetika, transport, raqamli infratuzilma, innovatsiya, qishloq xo'jaligi va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlik mintaqalararo hamjihatlikni mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, Afg'onistondagi barqarorlik mintaqaviy xavfsizlikda muhim o'rin tutishiga e'tibor qaratilgan.
"Markaziy Osiyo – Ko'rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" formati nafaqat ikki mintaqaning rivoji uchun, balki keng geosiyosiy makonda barqaror taraqqiyotni ta'minlashda muhim omil", deb yozilgan "Asdaaoman" gazetasida chop etilgan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida