"Finančné Noviny" gazetasi: Termiz azaldan Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari o'rtasidagi bog'lovchi nuqta bo'lib kelgan
May 20, 2025. 12:23 • 3 daq
• 79
BRATISLAVA, 20-may. /"Dunyo" AA/. Slovakiyaning nufuzli "Finančné Noviny" gazetasida "Markaziy va Janubiy Osiyo: unutilgan bog'liqlikni tiklash sari qadamlar" sarlavhali maqola chop etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Maqola 19-21-may kunlari Termiz shahrida bo'lib o'tayotgan "Tinchlik, do'stlik va farovonlikning umumiy makonini barpo etish" mavzusidagi Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro hamkorlik bo'yicha Termiz muloqotining birinchi yig'ilishiga bag'ishlangan.
Qayd etilganidek, ushbu uchrashuvda dunyo siyosatining diqqat markaziga aylanib borayotgan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari tashqi siyosiy idora vakillari bilan birga BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari, MDH, SHHT, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo'yicha kengashi (OHICHK) hamda sohalar bo'yicha yetuk mutaxassislar hamda ekspertlar ishtirok etmoqda.
"Markaziy va Janubiy Osiyo azaldan ishonchli savdo yo'llari orqali bog'langan, Yaqin Sharq, Yevropa va Xitoy mamlakatlari uchun ko'prik vazifasini o'tagan, – deyilgan nashrda. – Ushbu hududdagi xalqlar tarixiy va sivilizatsiyaviy umumiylikka ega bo'lib, o'tmishda ular umumiy davlat tuzilmalari, shuningdek, yagona siyosiy, iqtisodiy va gumanitar makon bo'lib kelgan. Ikki mintaqa o'rtasidagi aloqalar ko'p asrlar davomida ko'plab migratsiya oqimlari, jadal savdo almashinuvlari, ilmiy g'oyalarning tez tarqalishi va madaniy o'zaro ta'sir bilan mustahkamlangan".
Bugungi kunga kelib esa mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka tahdid solayotgan mavjud muammolarni birgalikda hal qilish mamlakatlarining ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy rivoji uchun muhim omillardan biridir. Shu sababli ularning bir-birlari bilan tarixiy yaqin aloqalarini qayta yo'lga qo'yishning dolzarbligi ortib bormoqda. Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi o'zaro bog'liqlik bo'yicha Termiz muloqoti tashkil etilmoqda.
"Muloqot uchun tanlangan joy bu shaharning geostrategik joylashuvi, Markaziy va Janubiy Osiyo chorrahasida, ya'ni mintaqalararo o'zaro bog'liqlikning yo'llari kesishgan nuqtada joylashganligi bilan bog'liq. Xususan, Termiz azaldan savdo, iqtisodiyot, hunarmandchilikning jozibador markazi, Markaziy va Janubiy Osiyoning ulkan mintaqalari o'rtasidagi bog'lovchi nuqta bo'lib kelgan. Shu sababdan shaharni geosiyosiy nuqtai nazardan Markaziy va Janubiy Osiyoni bog'lovchi "tabiiy ko'prik", tarixiy joylashuvi va madaniy merosi orqali mintaqa xalqlarini yaqinlashtirish uchun eng maqbul maskan, deb hisoblash o'rinlidir", – deb ta'kidlangan materialda.
Ma'lum qilinganidek, hozirgi kunda Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari global ahamiyatga ega hudud bo'lib, aholisi 2 milliarddan ortiq va ulkan ta'lim salohiyatiga ega. Mintaqada demografik o'sish yuqori, aholining katta qismi yoshlardan iborat bo'lib, intellektual salohiyatni ro'yobga chiqarish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud.
Qayd etilishicha, Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasida raqamli o'zaro bog'liqlik bo'yicha qo'shma strategiyani ishlab chiqish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu hujjatni qabul qilish savdo va investitsiyalarni rag'batlantirish, ta'lim va sog'liqni saqlash sohalariga yetish imkoniyatini yaxshilash, mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash hamda jahon maydonida raqobatbardoshlikni oshirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi.
"Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining raqamli iqtisodiyotni keng joriy etish borasidagi sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirish hayotning barcha sohalarida raqamlilashtirish jarayonlarini takomillashtirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, bu aholi uchun Internetga xavfsiz kirish imkonini ta'minlashga qaratilgan BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishni ilgari surib, ta'lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga yo'l ochadi", – deb yozilgan "Finančné Noviny" gazetasida bosilgan maqola.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
“OIC Journal”: O‘zbekistonning qadimiy shaharlaridagi har bir toshda uzoq tarix mujassam
O‘zbekiston va Yaponiya hamkorlik munosabatlari Pokiston OAV diqqat markazida