Logo

"The Star" gazetasi: Malayziya kompaniyasi O'zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi loyihani amalga oshiradi

Iyun 11, 2024. 11:30 • 2 daq

209
"The Star" gazetasi: Malayziya kompaniyasi O'zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasidagi loyihani amalga oshiradi

KUALA-LUMPUR, 11-iyun. /"Dunyo" AA/. Malayziyaning "The Star" gazetasida "Sunview" kompaniyasi tomonidan O'zbekistonda amalga oshiriladigan yangi loyihaga bag'ishlangan maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo"AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, Malayziyaning MIDF tadqiqot instituti "Sunview Group Bhd" kompaniyasining O'zbekiston bozoriga qayta tiklanuvchi energiya sohasida muhandislik, xarid qilish, qurilish va ishga tushirish (EPCC) bo'yicha bosh pudratchi sifatida kirishini ijobiy baholamoqda.

Tadqiqot institutiga ko'ra, mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya sohasida korporativ "yashil" dastur, milliy energiyaga o'tish bo'yicha "yo'l xaritasi" hamda keng ko'lamli "yashil" energiya loyihalari doirasida hukumatning qo'llab-quvvatlovi sohaga investitsiya kirituvchi kompaniyalar uchun ulkan imkoniyatlar yaratmoqda.

Istiqbolda kompaniya bir necha million AQSh dollariga teng quyosh energiyasi loyihalarini O'zbekistonda amalga oshirishga bel bog'lagan.

Ma'lum qilinishicha, o'tgan oyda Samarqand shahrida kompaniya o'zining "Fabulous Sunview Sdn Bhd" shoʻba korxonasi orqali O'zbekistonning "Yashil energiya" korxonasi bilan yangi loyihani amalga oshirish bo'yicha kelishuvga erishdi.

"Kelishuvga ko'ra, "Sunview Group" qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo'yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirishda investor va bosh pudratchi etib tayinlandi. "Yashil energiya" korxonasi esa kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyani xaridor sifatida sotib oladi. "Sunview Group" rahbariyati tarif stavkalari bo'yicha hozirda tomonlar o'rtasida muzokaralar olib borilayotganini ma'lum qilmoqda", — deya ma'lum qilgan "The Star".

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish