BMT Bosh kotibining O'zbekistonga buyurgan rasmiy tashrifi yakunlari Germaniya OAV nigohida
Iyul 03, 2024. 14:01 • 2 daq
• 425
BERLIN, 3-iyul. /"Dunyo" AA/. Germaniyaning "diplo.news" elektron nashrida "O'zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining namunali hamkori bo'lish yo'lidan bormoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nashrning yozishicha, so'nggi yillarda O'zbekiston va Birlashgan Millatlar Tashkiloti o'rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko'tarilib bormoqda. Tashkilot Bosh kotibi Antoniu Guterrishning O'zbekistonga ikkinchi marotaba tashrifi mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning BMT tomonidan qo'llab-quvvatlanayotganining yorqin dalilidir.
"O'zbekiston juda qisqa vaqt ichida BMTning asosiy hamkor mamlakatlaridan biriga aylandi. Respublika bugun nafaqat tashkilotning ko'plab dastur va loyihalarini amalga oshirmoqda, balki qisqa davr ichida xalqaro tashkilotning nufuzli organlarida muhim o'rinlarni egallashga ham ulgurdi. Ular orasida O'zbekistonning yaqinda Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (ECOSOC) tarkibiga va Xalqaro mehnat tashkilotining Ma'muriy kengashiga saylanishi, birinchi marta O'zbekiston vakilining BMT Inson huquqlari qo'mitasiga a'zo bo'lishi bu mamlakatning xalqaro miqyosda tan olinayotganlidan darak beradi", — deyiladi maqolada.
O'zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining o'nta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinganligi alohida e'tiborga loyiqdir. Bu tadbirlar mamlakatning global muammolarga sodiqligini va mas'uliyatni o'z zimmasiga olishga tayyorligini ko'rsatadi. Toshkentda BMTning Qishloq xo'jaligini rivojlantirish bo'yicha xalqaro jamg'arma (IFAD) vakolatxonasining ochilishi hamda O'zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi, turizmni rivojlantirish, qashshoqlikka qarshi kurashish va iqlim o'zgarishi kabi muhim masalalarga bag'ishlangan ko'plab BMT konferensiyalarining o'tkazilishi mamlakatning mintaqaviy va global muammolar borasida yetakchiligidan dalolat beradi.
Ma'lum qilinganidek, O'zbekiston Prezidenti BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning oliy davlat mukofoti "Oliy Darajali Do'stlik" ordeni bilan taqdirladi. Bu BMT va O'zbekiston o'rtasidagi yaqin do'stona munosabatlarni aks ettiradi.
"Bosh kotib Antoniu Guterrish va Prezident Shavkat Mirziyoyev o'rtasida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik muammolar yuzasidan olib borilgan muzokaralar shuni ko'rsatmoqdaki, O'zbekiston Afg'onistonga nafaqat gumanitar yordam berishni kengaytirish, balki bu muammo bo'yicha global strategiyani ishlab chiqish taklifini ilgari surmoqda. Bu, ayniqsa, xalqaro hamjamiyat Afg'onistondagi murakkab vaziyatni hal qilishning samarali yechimlarini izlayotgan bir paytda muhim ahamiyat kasb etadi", — deb ta'kidlangan "diplo.news" tarqatgan maqolada.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“Volkswagen” joriy yil oxirigacha O‘zbekistonda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin

“Onda Cero”: O‘zbekiston Jahon chempionatida qatnashadigan ilk Markaziy Osiyo mamlakati sifatida tarixga kirdi


