“The Diplomatic Insight”: Samarqandda O‘zbekiston va OTB o‘rtasida 2030 yilgacha mo‘ljallangan yangi sheriklik dasturi qabul qilindi
May 12, 2026. 20:25 • 3 daq
• 110
ISLOMOBOD, 15-may. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “The Diplomatic Insight” jurnalida “Osiyo taraqqiyot bankining Samarqand forumi: Zamonaviy chaqiriqlar va tarixiy ahamiyat kontekstida” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“May oyining boshida Samarqand shahrida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi “Taraqqiyot chorrahalari: mintaqaning o‘zaro bog‘liq kelajagini ilgari surish» shiori ostida bo‘lib o‘tdi”, – deya maʼlum qilingan maqolada. – Forumning yalpi majlisida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maʼruza bilan ishtirok etdi va Osiyo taraqqiyot banki bilan kelgusidagi hamkorlikning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Shuningdek, global iqtisodiy chaqiriqlar va texnologiyalarning jadal o‘zgarishi sharoitida barqaror rivojlanish uchun yangi mexanizm va yondashuvlarni joriy etish zarurligini taʼkidlandi.
Maʼlum qilinganidek, forumda 100 dan ortiq davlatdan 4000 dan ziyod ekspertlar, xorijiy hukumatlar, xalqaro moliyaviy institutlar, yetakchi banklar va yirik korporatsiyalar vakillari qatnashdi. Muhokamalarning asosiy mavzulari raqamli va “yashil” transformatsiya, iqlim barqarorligi, taʼminot zanjirlarini rivojlantirish hamda oziq-ovqat xavfsizligi masalalarini qamrab oldi.
“The Diplomatic Insight” jurnali yozganidek, O‘zbekiston 1995-yilda Osiyo taraqqiyot bankiga aʼzo bo‘lgan. O‘tgan 30 yil davomida bank mamlakat uchun ishonchli strategik sherikka aylandi. Hozirgi kunda qo‘shma loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarga yetgan. O‘zbekiston operatsiyalar hajmi bo‘yicha bankning mintaqadagi eng yirik hamkoriga aylanib, jahon miqyosida ham OTB operatsiyalari bo‘yicha birinchi o‘nlikka kirdi.
2024-yil avgust oyida Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekiston uchun 2024–2028-yillarga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik strategiyasini ishga tushirdi. Ushbu besh yillik strategiya “O‘zbekiston–2030” taraqqiyot strategiyasida belgilangan milliy ustuvor vazifalarga muvofiq ravishda “yashil” iqtisodiyotga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektor rivoji va raqobatbardoshligini oshirish hamda inson kapitaliga investitsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan.
“Samarqand forumi doirasida O‘zbekiston va OTB o‘rtasida 2030-yilgacha mo‘ljallangan yangi sheriklik dasturi qabul qilindi. Unda umumiy qiymati 12,5 milliard dollar bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ular infratuzilmani rivojlantirish, islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, xususiy sektor o‘sishi va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishni o‘z ichiga oladi”, – deya qayd etgan Pokiston OAV.
Samarqandda bo‘lib o‘tgan OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ini nafaqat O‘zbekiston uchun xalqaro nufuzi va yangi hamkorlik dasturining qabul qilinishi nuqtai nazaridan, balki butun Osiyo-Tinch okeani mintaqasi uchun ham katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Maqolada, shuningdek, forum davomida ikki yirik tashabbus va “Muhim minerallardan ishlab chiqarishgacha” yangi dasturiga start berilgani maʼlum qilingan. Bu bankning Osiyoda iqtisodiy barqarorlik va mintaqaviy integratsiyani mustahkamlashga qaratilgan yangilangan strategiyasini aks ettiradi.
“Forumning Samarqandda o‘tkazilishi ham ramziy maʼnoga ega. Tarixan Sharq va G‘arb o‘rtasida savdo va madaniyat chorrahasi bo‘lgan ushbu shahar yana bir bor mintaqaning kelajagini shakllantirish markaziga aylandi. Aynan shu yerda butun Osiyoning taraqqiyot yo‘liga taʼsir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan tashabbus va qarorlar eʼlon qilindi hamda Samarqandning muloqot va strategik qarashlar platformasi sifatidagi o‘rni yana-da mustahkamlandi”, – deb yozgan “The Diplomatic Insight”.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

“The Diplomat”: JCH–2026 da ishtirok etish o‘zbek futboli uchun “oltin davr”ni boshlab berishi mumkin

O‘zbekiston–Germaniya o‘rtasida kasb-hunar ta’limini rivojlantirishga bag‘ishlangan forum o‘tkazildi


