Logo

O'zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti Italiya oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda

Oktabr 04, 2023. 11:55 • 3 daq

221
O'zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti Italiya oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda

 RIM, 4 oktyabr. /"Dunyo" AA/. Joriy yil 28 sentyabr - 2 oktyabr kunlari mamlakatimiz elchixonasi ko'magida O'zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, senator Azamat Ziyoning Italiyaga amaliy tashrifi tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri

Tashrif davomida Neapol sharqshunoslik universiteti, «La Sapienza» universiteti olimlari hamda Italiya Markaziy davlat arxivi va «Sandro Teti Publishing House» nashriyot uyi mutasaddilari bilan samarali uchrashuvlar o'tkazildi.

 Jumladan, Neapol sharqshunoslik universiteti professori Mikele Bernardini bilan bo'lib o'tgan samimiy muloqotda mustaqillik yillarida O'zbekistonda Amir Temur va temuriylar davriga oid tarixiy haqiqat tiklangani hamda so'nggi yillarda bu boradagi izlanishlar izchil davom ettirilayotgani ta'kidlandi.

Mikele Bernardini Italiyada Amir Temur va temuriylar davriga oid ko'plab tarixiy manbalar mavjudligini ta'kidlab, Genuya, Venetsiya va Rim arxivlaridan jiddiy izlanishlar qilish zaruriyatini bildirdi. U Italiyada mazkur davrga oid tarixiy manbalarni o'rganish va ularning katalogini shakllantirishda amaliy yordam berishga tayyorligini ma'lum qildi.

Uchrashuv yakunida O'zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti va Neapol sharqshunoslik universiteti o'rtasida amaliy hamkorlik o'rnatish, ilmiy akademik almashinuvlarni yo'lga qo'yish, «O'zbekiston va Italiya sharqshunos olimlar klubi"ni tashkil etish, Italiyada Amir Temur va temuriylar merosiga oid anjumanlar o'tkazish to'g'risida kelishib olindi.

Senator Azamat Ziyoning «La Sapienza» universiteti professori Magda Pedachi bilan kechgan muloqoti chog'ida Amir Temur hayoti va davlatchiligi, 20 asrda turkistonliklarning Yevropadagi hayoti, shu jumladan Ikkinchi jahon urushi davrida o'zbekistonlik askarlarning Italiya partizanlari bilan birgalikda fashistlarga qarshi kurashda ishtiroki to'g'risida fikr almashildi.

Magda Pedache qadimgi Turkiston hududi, Markaziy Osiyo va O'rta yer dengizi bo'yicha ma'lumotlar saqlanadigan Italiya muassasalari hamda tadqiqotchilari bilan hamkorlik o'rnatishda ko'mak ko'rsatishga tayyor ekanligini bildirdi.

Tarix instituti direktori, shuningdek, Italiya Markaziy davlat arxiviga tashrif buyurdi va Xalqaro aloqalar bo'limi boshlig'i Antonio Frerate bilan suhbatlashdi.

Uchrashuv davomida arxiv faoliyati, fondi, restavratsiya qilish tajribasi hamda hujjatlarining elektron shaklini yaratish ishlari bilan yaqindan tanishildi. Arxivga a'zo bo'lish, tegishli ma'lumotlarni izlab topish, tomonlar o'rtasida aloqa o'rnatish masalalari, o'zbekistonlik tadqiqotchilarning arxivda izlanish olib borishi va boshqa masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Ilmiy-tadqiqot va uslubiy ishlarda ilmiy mavzularni ishlab chiqish yuzasidan Italiya Markaziy davlat arxivi tajribasini o'rganishga kelishib olindi. Kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish hamda tajriba almashishi bo'yicha sharoit yaratish yuzasidan fikr almashildi.

O'zbekiston vakilining «Sandro Teti Publishing House» nashriyot uyi asoschisi va rahbari Sandro Teti bilan bo'lib o'tgan uchrashuvida «Madaniy turizm»ni rivojlantirish maqsadida Abu Rayhon Beruniy, Al Farg'oniy, Moturudiy va boshqa buyuk ajdodlarimizning ijodlari jamlangan kitoblarni nashr etish hamda Italiyada taqdimotlarini o'tkazish, Amir Temur va temuriylar davriga oid madaniy meros va ma'lumotlar yuzasidan Vatikan, Genuya, Venetsiya muzeylarda izlanishlar olib borish masalalari xususida fikr almashildi.

Bo'lib o'tgan muloqot yakunida, italiya jamiyatini O'zbekiston tarixi va ulamolariga bo'lgan qiziqishini uyg'otish hamda hamkorlikni yo'lga qo'yish dastlabki bosqichi sifatida «O'zbekiston ulug'lari» nomli «2024 yil kalendari»ni chop etish va Italiya bo'ylab tarqatishga kelishib olindi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish