O‘zbekiston Prezidenti suv fondi yerlari va sel suvlaridan samarali foydalanish choralarini ko‘rib chiqdi
May 25, 2026. 20:55 • 4 daq
• 33
TOSHKENT, 25-may. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun suv fondi yerlari hamda sel suvlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suv tejamkorligini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Xususan, yurtimizdagi 150 ming kilometr daryo va kanal o‘zanlarini betonlash ishlarining boshlangani natijasida yiliga 1,3 milliard kub metr suv tejalmoqda. Bu Navoiy viloyatining bir yillik suv iste’moliga teng. Shu kunga qadar 2 ming kilometr magistral kanal betonlashtirildi, 721 kilometr kanal, 525 kilometr lotok va yopiq tarmoqlar qurildi. Ushbu maqsadlarga 3 trillion so‘m ajratildi. Natijada 858 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanib, 51 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritildi.
Yig‘ilishda suv infratuzilmasini nafaqat texnik obyekt, balki iqtisodiy aktiv sifatida ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Bugun dunyoda daryo, kanal, suv omborlari va ko‘llar bo‘yida turizm, dam olish, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik hududlarini tashkil etish katta iqtisodiy yo‘nalishga aylangan.
Bunday loyihalar ko‘chmas mulk va yer uchastkalari qiymatini oshirish, tuman va shaharlar iqtisodiyotini jonlantirish, ichki turizm va xizmatlar sohasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda ekologik barqarorlikni yaxshilashga xizmat qiladi.
Jahon tajribasida suv infratuzilmasi atrofidagi turizm loyihalariga kiritilgan 1 dollar sarmoyaning iqtisodiy qaytimi 3-10 dollar atrofida baholanadi.
Shu bois, mutasaddilar va hokimlar suv infratuzilmasini iqtisodiy samara beradigan loyihalarga aylantirish ustida tizimli ishlashi zarurligi qayd etildi.
Buning uchun qator yangi imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, qirg‘oqlar yuvilishi va suv bosishiga sabab bo‘layotgan qum-shag‘alni qazib olishga ruxsat beriladi. Suv va sel-suv omborlari, kanal, kollektor, tabiiy ko‘l va gidrotexnika inshootlarini tuproqdan tozalash ishlariga tadbirkorlar tendersiz jalb qilinadi. Suv va sel-suv omborlarida suvdan bo‘shagan yerlar ekin ekish uchun auksion orqali ijaraga beriladi.
Shu bilan birga, ayrim hududlarda mazkur imkoniyatlardan yetarlicha foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Suv fondiga tegishli uchastkalarda tadbirkorlik, turistik va ko‘ngilochar obyektlar qurish imkoniyati bo‘lgan 100 ming gektar yer maydoni aniqlangan. Ushbu yerlarda 100 ming aholining bandligini ta’minlab, yiliga 220 milliard so‘m qo‘shimcha daromad manbaini yaratish mumkin.
Mutasaddilarga suv fondi yerlarini ijaraga berish, monitoring qilish, shartnomalar tuzish va hisobotini onlayn yuritish bo‘yicha axborot tizimini ishga tushirish topshirildi. Kosmik tadqiqotlar agentligiga daryo o‘zanlari va suv xo‘jaligi obyektlaridan qazib olinadigan qum-shag‘al hajmini aniq hisoblash va tegishli idoralarga taqdim etish vazifasi qo‘yildi.
Yig‘ilishda sel-toshqin suvlaridan foydalanish masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi.
Iqlim o‘zgarishi tufayli so‘nggi yillarda qisqa vaqtda kuchli yomg‘irlar ko‘paymoqda. Bu esa sel-toshqinlar xavfini oshirmoqda. Ayniqsa, Samarqand, Jizzax va Toshkent viloyatlarining tog‘li va tog‘oldi hududlarida sel xavfi yuqori hisoblanadi.
Sel-toshqinlar infratuzilma va qishloq xo‘jaligigagina emas, balki sanoat, sug‘urta, logistika va tashqi savdoga ham zarar yetkazadi. Qolaversa, sel suvlari xavf manbai bo‘lish bilan birga suv zaxiralarini to‘ldirish uchun ham katta imkoniyatdir.
Mamlakatimizda sel xavfi mavjud 60 ta yirik soy orqali yiliga 690 million kub metr suv samarasiz oqib ketmoqda. Undan samarali foydalanish orqali 13 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, suv ta’minotini yaxshilash va baliqchilikni rivojlantirish imkoniyati borligi ta’kidlandi.
Shu bois, sel suvlarini boshqarishda faqat to‘g‘on qurish bilan cheklanmasdan, integral yondashuvni ham joriy etish zarurligi qayd etildi. Bunda sel xavfini kamaytirish, suvni to‘plash, qishloq xo‘jaligi, energetika, baliqchilik, turizm va xizmatlar sohasi bilan bog‘liq loyihalarni birgalikda amalga oshirish nazarda tutiladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan mutasaddilarga suv infratuzilmasini iqtisodiy faollik manbaiga aylantirish, sel-toshqin xavflarini kamaytirish, suv zaxiralaridan samarali foydalanish va mazkur yo‘nalishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish yuzasidan qator topshiriqlar berildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi




