O‘zbekiston va Pokiston parlamentlararo hamkorlik guruhlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

May 26, 2026. 08:10 • 3 daq

13
O‘zbekiston va Pokiston parlamentlararo hamkorlik guruhlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston va Pokiston parlamentlararo hamkorlik guruhlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

ISLOMOBOD, 26-may. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Islomoboddagi elchixonasi ko‘magida O‘zbekiston va Pokiston parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha guruhlari a’zolarining navbatdagi uchrashuvi onlayn shaklda tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muloqotda ikki davlat parlamentlari vakillari, diplomatik korpus xodimlari hamda qator sohalar mutaxassislari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada rivojlantirish, parlament diplomatiyasini mustahkamlash va qonunchilik sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar keyingi yillarda O‘zbekiston–Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik ruhida izchil taraqqiy etib borayotganini alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, parlamentlararo muloqot davlatlararo munosabatlarni yanada mustahkamlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

Muloqot davomida parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha guruhlar faoliyati samaradorligini oshirish, qonun ijodkorligi sohasida o‘zaro tajriba almashish va parlament nazorati mexanizmlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, qonunlarning ijrosini nazorat qilish, aholi manfaatlarini himoya qilish, yoshlar va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish muhimligi ta’kidlandi. Tomonlar muntazam uchrashuvlar va qo‘shma tadbirlar tashkil etish orqali parlamentlararo aloqalarni yanada faollashtirishga kelishib oldi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini azaldan mushtarak tarix, din, madaniyat va ma’naviy qadriyatlar bog‘lab turishi alohida qayd etildi. Shu nuqtayi nazardan, madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish, ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.

Xususan, Lahor shahrida Boburiylar sulolasi merosiga bag‘ishlangan Qo‘shma madaniy markaz tashkil etish tashabbusi yuqori baholandi. Ushbu markaz ikki xalqning boy tarixi va madaniy merosini targ‘ib qilish, olimlar va tadqiqotchilar o‘rtasida hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Shuningdek, Islomobod shahrida barpo etilayotgan “Bobur” bog‘i va “Toshkent” ko‘chasi loyihalari xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va yaqinlik ramzi sifatida e’tirof etildi.

Onlayn tadbir davomida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, transport yo‘laklarini kengaytirish va mintaqaviy bog‘liqlikni mustahkamlash masalalari alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi muhim loyihalar ikki davlat iqtisodiy taraqqiyotiga xizmat qilishini qayd etildi.

Uchrashuvda parlamentlararo aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish, Pokiston delegatsiyasining 2026-yil sentyabr oyida Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Yosh parlament a’zolarining 12-Global konferensiyasida ishtirok etish yuzasidan kelishuvga erishildi. 

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish