O'zbekiston Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi delegatsiyasi Buyuk Britaniyaga bordi

Noyabr 24, 2023. 12:52 • 2 daq

353
O'zbekiston Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi delegatsiyasi Buyuk Britaniyaga bordi

LONDON, 24-noyabr. /«Dunyo» AA/. O'zbekiston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi direktori Alisher Ubbiyev boshchiligidagi delegatsiya amaliy safar bilan Buyuk Britaniyaga bordi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Safar davomida Portsmut universiteti rahbariyati va bu yerda amaliyot o'tayotgan O'zbekiston vakillari bilan uchrashuv o'tkazildi.

Portsmut universiteti rektori Kris Chang bilan kechgan suhbat davomida xorijiy tomonga yurtimizda ta’lim sohasiga qaratilayotgan alohida e’tibor, yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida batafsil axborot berildi.

Portsmut universiteti vakillari bilan professor va o'qituvchilar malakasini oshirish, bakalavr va magistratura yo'nalishlarida ikki tomonlama diplom berish dasturini joriy etish, shuningdek, qo'shma ilmiy tadqiqotlar olib borish masalalari muhokama qilindi.

Rektor Kris Chang O'zbekistonning oliy ta’limni rivojlantirishga sarmoya kiritish borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholadi. «Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O'zbekistonda ta’lim sohasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. O'zbekistonlik sheriklar bilan ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishga intilayotgan Buyuk Britaniyaning bir qator universitetlari orasida borligimizdan juda mamnunmiz», dedi u.

Britaniya tomoni, shuningdek, 2024-yilda Portsmut universitetining O'zbekistondagi vakolatxonasini ochish bo'yicha tegishli idoralar bilan muloqot qilish istagini bildirdi.

Tashrif davomida ushbu universitetda «Direktorlar uchun maktablarni rivojlantirish» dasturi bo'yicha amaliyot o'tayotgan O'zbekiston maktablari direktorlari bilan muloqot o'tkazildi. Suhbat davomida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ta’lim sohasini rivojlantirish bo'yicha ilgari surgan muhim tashabbuslarning mazmun-mohiyati, 2022-2026-yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor yo'nalishlar hamda xorijiy tajribani mamlakatimiz ta’lim muassasalariga joriy etishning ahamiyati haqida fikr almashildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish