Britaniyaning qurilish va kommunal sohadagi ilg‘or tajribasi O‘zbekistonda qo‘llaniladi
May 30, 2026. 17:00 • 2 daq
• 19LONDON, 30-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Sirojiddin Eshquvvatov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga xizmat safari amalga oshirildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Xizmat safari doirasida delegatsiya a’zolari Londondagi mashhur “ExCeL” ko‘rgazma markazida tashkil etilgan “Futurebuild 2026” — Buyuk Britaniyaning barqaror qurilish sohasidagi eng yirik va nufuzli ko‘rgazma-tadbirida ishtirok etdilar.
O‘zbekiston vakillari ushbu nufuzli maydonda namoyish etilgan zamonaviy qurilish materiallari, energiya tejovchi innovatsion texnologiyalar hamda shaharsozlikda qo‘llanilayotgan ilg‘or muhandislik yechimlari bilan yaqindan tanishdilar. Ayniqsa, energiya samaradorligini oshirish, “yashil” infratuzilmani rivojlantirish, binolarni zamonaviy ekologik talablar asosida loyihalash hamda aholi uchun xavfsiz va qulay urbanistik muhit yaratishga qaratilgan taqdimotlar o‘zbek mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganildi.
Shuningdek, mamlakatimiz vakillari barqaror infratuzilma, qayta tiklanuvchi energetika, “aqlli bino” (Smart building) tizimlari hamda qurilishda ekologik toza yechimlarni joriy etishga ixtisoslashgan Buyuk Britaniyaning yetakchi kompaniyalari faoliyatini ko‘zdan kechirdilar. Jumladan, “Quidos”, “Ecobrix”, “Build Test Solutions”, “Cyd Innovation” va “Sensat” kabi nufuzli brendlar rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, raqamli yechimlar hamda innovatsion ishlanmalarni O‘zbekiston qurilish amaliyotiga tatbiq etish yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, delegatsiya a’zolari Buyuk Britaniyaning Qurilish xavfsizligi nazorati tashkiloti rahbari Charlz Pagsli bilan muhim muzokaralar o‘tkazdilar. Muloqot chog‘ida qurilish sohasida davlat nazorati tizimini takomillashtirish, o‘zaro tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar qurilishda xavfsizlik standartlarini qat’iy ta’minlash va zamonaviy nazorat usullarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

Sirdaryo viloyati texnikumi va Rossiyaning Ufa davlat neft texnika universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

O‘zbekiston va Hindiston mamlakatimizning JSTga aʼzo bo‘lishi doirasida Bozorga kirish bo‘yicha muzokaralar yakunlangani to‘g‘risidagi protokolni imzoladi






