O‘zbekiston elchisi Ispaniya Kongressi deputatlari bilan ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi

May 30, 2026. 16:00 • 2 daq

O‘zbekiston elchisi Ispaniya Kongressi deputatlari bilan ikki tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi

MADRID, 30-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Farrux Tursunov Ispaniya Kongressi Madaniyat komissiyasi vakili Mariya Soledad Krus-Gusman Garsiya boshchiligidagi bir guruh deputatlar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston-Ispaniya hamkorligini siyosiy, madaniy-gumanitar va parlamentlararo sohalarda yanada kengaytirishning dolzarb masalalari, shuningdek, Ispaniyada O‘zbekistonning madaniy merosini targ‘ib qilish, ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga qaratilgan ilmiy-madaniy tadbir va loyihalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston tomoni ispaniyalik parlamentariylarga Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ijtimoiy-madaniy sohalardagi o‘zgarishlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Mariya Soledad Krus-Gusman Garsiya bugungi kunda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda muhim o‘rin egallashini hamda amalga oshirilayotgan islohotlar, mamlakatning ochiqligi va faol tashqi siyosati tufayli Ispaniyada unga nisbatan qiziqish ortib borayotganini ta’kidladi.

Deputat O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanayotgani, turli darajalardagi ikki tomonlama muloqot faollashgani, shuningdek, madaniyat, ta’lim, turizm va gumanitar almashinuv sohalarida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligini qayd etdi.

Ispaniyalik parlamentariy joriy yil aprel oyida Madrid va Barselona shaharlarida “Buyuk Temuriylar tarixi va madaniy merosi” media-tadbirining hamda “Buyuk Amir va Donna Mariya” badiiy filmi premera namoyishlarining tashkil etilgani va muvaffaqiyatli o‘tkazilganini yuqori baholadi.

Shuningdek, u O‘zbekiston hukumatining o‘zbek milliy an’analari, san’ati va tarixiy merosini Ispaniya jamoatchiligi orasida ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikni yanada mustahkamlash va O‘zbekiston-Ispaniya munosabatlari rivojiga xizmat qiladigan yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish