Rossiyaning Leningrad viloyatida Qurbon hayiti munosabati bilan vatandoshlar uchun xayriya dasturxoni yozildi
May 30, 2026. 17:30 • 2 daq
• 6UST-LUGA, 30-may. /“Dunyo” AA/. Leningrad viloyatining Kingisepp tumanidagi Ust-Luga posyolkasida port qurilishiga 700 nafarga yaqin vatandoshimizni jalb etgan “Rencons” kompaniyasida Qurbon hayiti munosabati bilan xayriya dasturxoni yozildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirda O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi hamda ish beruvchi vakillari ishtirok etdi. Ushbu tadbirni o‘tkazish tashabbusi davlat rahbariyatidan chiqqani qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekiston hukumati xorijdagi vatandoshlarga alohida e’tibor qaratayotgani, ularning Vatanga qaytgach, ish bilan ta’minlanishi uchun sharoitlar yaratayotgani va o‘z biznesini yo‘lga qo‘yishini qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi. Bundan tashqari, ishtirokchilar bilan turli buzg‘unchi kuchlar ta’siriga tushib qolishning oldini olishga qaratilgan profilaktik suhbat o‘tkazildi.
Vatandoshlar tadbir tashkilotchiligini yuqori baholab, mamlakat rahbariyatiga minnatdorlik izhor etdi. Xususan, ishtirokchilardan biri Isroil Eshonqulov Vatandan yiroqda yurgan fuqarolarga ko‘rsatilayotgan e’tibordan samimiy mamnunligini bildirib, bayram dasturxoni uchun tashkilotchilarga tashakkur aytdi.
Yana bir ishtirokchi Yoqutxon Ibragimova ham Qurbon hayitiga bag‘ishlangan tadbirga taklif uchun o‘z minnatdorligini izhor etar ekan, bu kabi tashabbuslar uchun davlat rahbariyatiga o‘z tashakkurini bildirdi.
Tadbir samimiy muloqot va ezgu tilaklar ruhida yakunlandi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi











