O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi Podshoh Abdulloh II nomidagi mukofot bilan taqdirlandi
Iyun 05, 2025. 12:45 • 3 daq
• 378
TOSHKENT, 5-iyun. /"Dunyo" AA/. 3 iyun kuni O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Podshoh Abdulloh II nomidagi "Jahon dinlararo hamjihatlik haftaligi – 2025" mukofotini topshirish marosimi o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, mazkur mukofot 2010-yil 23-sentyabrda Iordaniya Podshohi Abdulloh II tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 65-sessiyasida ta'sis etilgan "Jahon dinlararo hamjihatlik haftaligi" g'olibiga beriladi. Ushbu haftalik har yili fevral oyining birinchi haftasida butun dunyo bo'ylab keng miqyosda tashkil etiladi.
2025-yilda ushbu haftalik doirasida 1300 dan ortiq tadbirlar o'tkazildi. Xususan, O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi "Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o'rganish YUNESCO" kafedrasi tomonidan joriy yilning 4-8 fevral kunlari "Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili" shiori ostida ilmiy, madaniy-ma'rifiy va sport tadbirlari yuqori saviyada tashkil etildi.
Quvonarlisi, Akademiyada o'tkazilgan mazkur haftalik Podshoh Abdulloh II nomidagi "Jahon dinlararo hamjihatlik haftaligi – 2025" mukofotiga loyiq deb topildi.
Mukofotni topshirish marosimida Iordaniyaning O'zbekistondagi elchisi Demiya Zuhayr Haddod, O'zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Tashqi ishlar vazirligi, Din ishlari bo'yicha qo'mita vakillari, professor-o'qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.
Tadbirda Iordaniya elchisi Demiya Zuhayr Haddod so'zga chiqib, mazkur yutuq O'zbekistonning dinlararo muloqot va bag'rikenglik sohasidagi davlat siyosatining xalqaro darajada e'tirof etilishi ekanini qayd etdi.
Eslatib o'tamiz, Akademiyada o'tkazilgan haftalik doirasida "Insoniy birodarlik va dinlararo muloqot – xalqaro hamjihatlik omili" nomli xalqaro ilmiy-amaliy seminar, "Diniy ta'limotlarda bag'rikenglik" mavzusida talabalar ilmiy anjumani, "Sog'lom e'tiqod va hamjihatlik – insoniy birodarlik asosi" mavzusida yoshlar o'rtasida ijtimoiy videorolik tanlovi, Akademiya talabalar teatr jamoasining "Sen yetim emassan" mavzusida sahna ko'rinishi, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do'stlik aloqalari qo'mitasi bilan hamkorlikda "O'zbekiston – bag'rikeng diyor" shiori ostida O'zbekistondagi milliy-madaniy markaz vakillari ishtirokida madaniy chiqishlar, turli din vakillari ishtirokida "Do'stlik dasturxoni" tushlik tadbiri hamda sportning shaxmat, shashka, stol tennisi va mini-futbol turlari bo'yicha "Sport – madaniyatlar ko'prigi" nomli konfessiyalararo birodarlik sport musobaqalari tashkil etildi.
Mazkur tadbirlarni o'tkazishdan asosiy maqsad esa insoniy birodarlik va bag'rikenglikni mustahkamlash, o'zaro hurmat va diniy e'tiqodlar xilma-xilligini tushunish dunyo xalqlari o'rtasida tinchlik va hamjihatlikni ta'minlashda muhim omil ekanini yana bir bor isbotlashdan iborat bo'ldi.
Bo'lib o'tgan tadbirda so'zga chiqqanlar, shuningdek, O'zbekistonda millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglik tamoyili muhim o'rin tutishi, bu borada yaxlit, chuqur o'ylangan siyosat va uni amalga oshirishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar hayotga tatbiq etilib, millatlararo va dinlararo totuvlikni qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidlashdi.
Shundan so'ng Iordaniya elchisi Demiya Zuhayr Haddod Akademiya rektori Muzaffar Komilovga Podshoh Abdulloh II nomidagi "Jahon dinlararo hamjihatlik haftaligi – 2025" mukofotini tantanali tarzda topshirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Ayollarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish bo'yicha konferensiya tashkil etildi