O‘zbekistonda bolalarga qarshi huquqbuzarliklarga nisbatan javobgarlik kuchaytirildi

May 18, 2026. 15:25 • 5 daq

50
O‘zbekistonda bolalarga qarshi huquqbuzarliklarga nisbatan javobgarlik kuchaytirildi

TOSHKENT, 18-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonda inson qadr-qimmatini ulug‘lash, ayniqsa bolalarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil taʼminlanmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi Huquqiy departament rahbari Farid Nazarovning taʼkidlashicha, so‘nggi yillarda bolalarni har qanday zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilish, ular uchun xavfsiz muhit yaratish hamda huquqiy kafolatlarni mustahkamlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu siyosatning mantiqiy davomi sifatida, 2026-yil 17-aprelda qabul qilingan “Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun bolalarni himoya qilish tizimini yana-da kuchaytirishga qaratilgan muhim huquqiy qadam bo‘ldi.

Mazkur qonun bilan Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi hamda Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga bir qator muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Ularda bolalarni himoya qilishning huquqiy mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan tizimli yondashuv aks etgan.

Jumladan, avvalgi amaliyotda yetarlicha qamrab olinmagan ayrim huquqbuzarliklarga aniq huquqiy baho berildi. Internet va telekommunikatsiya tarmoqlari orqali bolalarga qarshi sodir etiladigan huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirildi.

Bu o‘zgarishlar ayniqsa muhim, chunki ular zamonaviy tahdidlarga, xususan bolalarning raqamli muhitdagi xavfsizligini taʼminlash zaruratiga javob beradi.

Qonunning eng muhim jihatlaridan biri – Jinoyat kodeksiga yangi 129¹-moddaning kiritilishidir. Ushbu normaga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxs tasvirlangan yoki tavsiflangan pornografik materialni tarqatish maqsadida saqlaganlik uchun, agar shaxs bu materialda voyaga yetmagan bola ishtirok etganini bilgan bo‘lsa, maxsus javobgarlik belgilanadi. Bu javobgarlik shu kabi qilmish uchun avval maʼmuriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan holatlarga nisbatan tatbiq etiladi.

Mazkur jinoyat uchun bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 600 baravarigacha jarima, uch yilgacha axloq tuzatish ishlari, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.

Bu choralar bolalarga qarshi jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini taʼminlash va bunday huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ham yangi normalar bilan to‘ldirildi. Xususan, voyaga yetmagan shaxs tasvirlangan pornografik materialni tarqatish maqsadida saqlaganlik uchun alohida maʼmuriy javobgarlik joriy etildi. Bunday huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 baravaridan 100 baravarigacha jarima belgilangan.

Bu esa jinoyat sodir etilishidan oldin profilaktik taʼsir ko‘rsatishga qaratilgan muhim huquqiy vosita hisoblanadi.

Qonunning yana bir muhim jihati bolalarning jinoyat ishlarini yuritishdagi ishtirokini tartibga soluvchi normalarning joriy etilganidir. Jumladan:

– voyaga yetmagan guvoh ishtirok etganda qonuniy vakilning qatnashishi majburiy qilib belgilandi;

– so‘roq qilish davomiyligi bolaning yoshiga qarab aniq cheklab qo‘yildi.

Bu qoidalar bolalarga nisbatan protsessual bosimni kamaytirish, ularning psixologik holatini muhofaza qilish hamda insonparvarlik tamoyillarini taʼminlashga xizmat qiladi.

Qonun mazmunidan ko‘rinib turibdiki, u faqat javobgarlikni kuchaytirish bilan cheklanmaydi. Aksincha, profilaktika, himoya va reabilitatsiya choralarini qamrab olgan kompleks yondashuvni shakllantiradi.

Bu esa qonun BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi va boshqa xalqaro standartlarga muvofiq ishlab chiqilganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, bolalarni raqamli muhitda himoya qilish, protsessual kafolatlarni kuchaytirish va huquqbuzarliklarni erta bosqichda oldini olish davlat siyosatining strategik ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.

Xalqaro amaliyot shuni ko‘rsatadiki, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishning eng samarali usuli jinoiy javobgarlik, profilaktika va reabilitatsiya choralarini uyg‘unlashtirgan kompleks tizimdir.

Masalan, Skandinaviya mamlakatlarida joriy etilgan “Barnahus” modeli doirasida bolalar ishtirokidagi jinoyat ishlari yagona markazlashtirilgan muhitda ko‘rib chiqiladi. Ushbu yondashuvga ko‘ra, bola faqat bir marta so‘roq qilinadi va jarayonda psixologlar hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar birgalikda ishtirok etadi. Bu esa bolaning qayta ruhiy jarohat olish xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.

Yevropa mamlakatlarida, xususan Germaniya va Fransiyada internet orqali bolalarga qarshi sodir etiladigan jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytirilgan bo‘lib, bolalar ishtirokidagi pornografik materiallarga nisbatan mutlaq toqatsizlik siyosati qo‘llaniladi.

AQSHda “Child Advocacy Center” (Bolalarni himoya qilish markazi) modeli asosida ko‘p tarmoqli yondashuv amal qiladi. Bunda so‘roq maxsus moslashtirilgan muhitda o‘tkaziladi, videoga yozib olinadi va takroriy so‘roqlar minimallashtiriladi.

Bu ilg‘or tajribalar shuni ko‘rsatadiki, bolalarni himoya qilishda nafaqat jazo choralarini kuchaytirish, balki bolalar huquqlarini protsessual va institutsional darajada taʼminlash ham hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Shu nuqtai nazardan, qabul qilingan qonun xalqaro standartlar bilan uyg‘un holda ishlab chiqilgan bo‘lib, milliy qonunchilikni zamonaviy tahdidlarga moslashtirish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, mazkur Qonun bolalarni himoya qilish sohasida yangi bosqichni boshlab bermoqda. Huquqiy kafolatlarni kuchaytirish, zamonaviy tahdidlarga javob beradigan mexanizmlarni joriy etish va jinoyat ishlarini yuritishda bolalar manfaatlarini ustuvor etib belgilash orqali u kompleks va samarali tizimni shakllantiradi.

Eng muhimi, ushbu islohotlar bolalarni nafaqat huquqiy jihatdan himoya qilish, balki ularning shaʼni, qadr-qimmati va xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan insonparvar siyosatning amaliy ifodasidir. Zero, bolalari himoya qilingan jamiyat barqarorlik, adolat va farovonlik uchun mustahkam poydevor yaratadi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish