O‘zbekiston Malayziyadagi xalqaro ta’lim ko‘rgazmasida “Study in Uzbekistan” milliy pavilonini namoyish etdi
Noyabr 22, 2026. 10:30 • 2 daq
• 69
PUTRADJAYA, 22-noyabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston delegatsiyasi 17–20-noyabr kunlari Malayziyaning Putradjaya shahrida bo‘lib o‘tgan “Festival of Ideas 2026” xalqaro oliy ta’lim forumi va ko‘rgazmasida “Study in Uzbekistan” milliy paviloni bilan ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Malayziya Oliy ta’lim vazirligi tomonidan uchinchi bor tashkil etilgan ushbu tadbir akademik hamjamiyat, davlat organlari, ta’lim muassasalari vakillari va xalqaro ekspertlar o‘rtasida oliy ta’lim, ilmiy tadqiqotlar, innovatsiyalar hamda xalqaro akademik hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashish maydoniga aylandi.
O‘zbekiston Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Oliy ta’limni rivojlantirish va global hamkorlik markazi vakillari milliy pavilon orqali mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi, yetakchi universitetlar, ta’lim dasturlari, xalqaro hamkorlik imkoniyatlari hamda xorijiy talabalar uchun yaratilgan sharoitlarni taqdim etdilar.
Forumda, shuningdek, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent davlat tibbiyot universiteti va Toshkent xalqaro kimyo universiteti vakillari ham qatnashdilar. Ular xorijiy oliy ta’lim muassasalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ta’lim va ilm-fan sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish, akademik almashinuvlarni rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlar borasidagi sheriklik istiqbollarini muhokama qildilar.
Mazkur ko‘rgazmadagi ishtirok O‘zbekistonning xalqaro ta’lim makonidagi o‘rnini mustahkamlash, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining xalqaro aloqalarini kengaytirish hamda xorijiy yoshlarni O‘zbekiston universitetlarida tahsil olishga jalb etishga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi