O‘zbekistonda odam savdosidan jabr ko‘rgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar joriy etilmoqda
Avgust 06, 2026. 17:30 • 3 daq
• 221
TOSHKENT, 6-avgust. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidentining “Odam savdosidan jabrlangan shaxslarni aniqlash va ularni jamiyatga integratsiya qilish tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzolandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
2026-yil 3-avgustda qabul qilingan PF-146-sonli farmonda odam savdosidan jabr ko‘rgan shaxslarni aniqlash, himoya qilish, reabilitatsiya va ijtimoiy integratsiya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar nazarda tutilgan.
Farmonga ko‘ra, “Inson” markazlari, Ijtimoiy himoya milliy agentligining (IHMA) jabrlanganlarga yordam ko‘rsatuvchi ixtisoslashtirilgan muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlariga odam savdosi qurboni deb taxmin qilinayotgan shaxslarni dastlabki identifikatsiyadan o‘tkazish vakolati beriladi.
Dastlabki identifikatsiya natijasiga ko‘ra, shaxsga bir oygacha muddatga odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinuvchi shaxs maqomi beriladi. Yakuniy identifikatsiyadan o‘tkazilganidan so‘ng unga bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga amal qiluvchi odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan shaxs maqomi berilishi mumkin.
Bunda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hududiy komissiyalar tomonidan yakuniy identifikatsiyadan o‘tkazish muddati 10 sutkagacha qisqartirildi.
2026-yil 1-sentyabrdan boshlab IHMAning 1146 qisqa raqamli ishonch telefoni orqali O‘zbekistonning butun hududida odam savdosidan jabrlangan shaxslarning murojaatlarini qabul qilish yo‘lga qo‘yiladi. Mutaxassislar ularga ijtimoiy, psixologik, huquqiy va boshqa masalalar bo‘yicha maslahatlar hamda zarur maʼlumotlarni taqdim etadi.
Shunday ishonch telefonlari O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida ham tashkil etiladi. Ular odam savdosi faktlari bo‘yicha murojaatlarni qabul qilib, maslahat, huquqiy, psixologik, moddiy va boshqa zarur yordamlarni ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” va “Samarqand” xalqaro aeroportlarida Migratsiya agentligi huzuridagi Migratsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan migratsiya maslahat byurolari ochiladi va ularning ishi sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda tashkil etiladi.
Ushbu hujjatda jabrlanganlarning turli toifalariga ixtisoslashtirilgan yordam ko‘rsatish tartibi belgilanmoqda. Maxsus dasturlar doirasida O‘zbekistonga qaytarilgan erkaklar, xorijiy fuqarolar va repatriantlar faqat Odam savdosi qurbonlariga yordam ko‘rsatish respublika reabilitatsiya markaziga qabul qilinadi. Jabrlanganlarni qabul qilish va ularga zarur xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan hududiy markazlar faoliyati ushbu markaz tomonidan muvofiqlashtirib boriladi.
Odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinuvchi shaxs maqomiga ega bo‘lganlar ixtisoslashtirilgan markaz yoki hududiy markazlar xizmatlaridan bir oy davomida foydalanishi mumkin. Jabrlangan deb rasman tan olingan shaxslar uchun bunday xizmatlarni olish muddati olti oygachani tashkil etadi.
Bunda yordam so‘rab murojaat qilish mumkin:
– odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinuvchi shaxs maqomiga ega bo‘lganlar – ushbu maqom berilgan kundan boshlab bir oy ichida;
– odam savdosidan jabrlangan deb tan olingan shaxslar – tegishli maqom berilgan kundan boshlab bir yil ichida.
Farmon bilan dastlabki identifikatsiya asosida ixtisoslashtirilgan markazlar xizmatidan foydalanib bo‘lgan shaxsni qayta joylashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi.
Jabrlanganlarning ixtisoslashtirilgan yoki hududiy markazga borishi va qaytishi bilan bog‘liq transport xarajatlari tegishli muassasaning tavsiyasiga asosan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi