Senat ShHTning Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni ma’qulladi
Oktabr 03, 2026. 14:20 • 2 daq
• 154
TOSHKENT, 3-oktabr. /“Dunyo” AA/. Bugun O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisida “Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida Shanxay hamkorlik tashkilotining Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi to‘g‘risidagi Bitimni (Tyanszin, 2025-yil 1-sentabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Parlamentimiz yuqori palatasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur bitim bilan Shanxay hamkorlik tashkilotining doimiy faoliyat yurituvchi organi – Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi ta’sis etilmoqda. Markazning joylashgan joyi etib Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahri belgilangan.
Markaz a’zo davlatlar vakolatli organlarining giyohvand moddalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishdagi hamkorligini muvofiqlashtirish, kelishilgan tezkor-profilaktik tadbirlarni rejalashtirish, transmilliy uyushgan jinoiy guruhlar faoliyatiga chek qo‘yish hamda mintaqadagi narkotik vaziyatni monitoring va tahlil qilish vazifalarini bajaradi.
Senatorlarning ta’kidlashicha, mazkur Qonunning qabul qilinishi giyohvandlik va narkojinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, hamkor davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda fuqarolarimiz salomatligi va mamlakatimiz xavfsizligini ishonchli ta’minlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladi.
Eslatib o‘tamiz, hozirgi vaqtda ShHTning doimiy faoliyat yurituvchi organlari ikkita shaharda joylashgan. ShHT Kotibiyati Pekinda, Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi (MATT) Ijroiya qo‘mitasi esa Toshkentda joylashgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi