O'zbekiston Prezidenti va Qatar Amiri telefon orqali muloqot qildilar
Sentabr 12, 2025. 21:52 • 56 soniya
• 470
TOSHKENT, 12-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Oʻzbekiston yetakchisi matbuot xizmati ma'lumotiga koʻra, Oʻzbekiston – Qatar strategik sheriklik va koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarining dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari yaqinda Isroil tomonidan Qatar poytaxti Doha shahriga uyushtirilgan raketa zarbalarini keskin qoraladi. Qatar mustaqilligi va suverenitetini buzadigan, uning xavfsizligiga tahdid soladigan bunday nomaqbul xatti-harakatlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi, xalqaro huquqning asosiy qoida va tamoyillariga zid ekani qayd etildi.
Oʻzbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday shakliga va Yaqin Sharqdagi vaziyatning yanada keskinlashishiga olib keladigan qadamlarga qarshi ekani ta'kidlandi.
Oʻzbekiston Prezidenti Qatar tashabbusi bilan chaqirilayotgan navbatdan tashqari arab-islom sammitining muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.
Qatar Amiri, oʻz navbatida, koʻrsatilgan birdamlik va qoʻllab-quvvatlov uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.
Telefon muloqoti chogʻida faol siyosiy aloqalarni davom ettirish va ikki mamlakat yetakchi kompaniyalarining kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish boʻyicha oʻzaro muvofiqlashgan choralar koʻrish masalalari ham muhokama qilindi.
O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti 18-20-dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ladi