O'zbekiston Prezidenti Mirzo Ulug'bek tumanidagi "IT-Park" loyihasining ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo'yish marosimida ishtirok etdi
Oktabr 21, 2025. 13:24 • 2 daq
• 185
TOSHKENT, 21-oktyabr. /"Dunyo" AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun poytaxtimizning Mirzo Ulug'bek tumanida joylashgan IT-parkga tashrif buyurib, loyihaning ikkinchi bosqichiga tamal toshi qo'yish marosimida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, ikki yil oldin 200 million dollar investitsiya hisobiga ushbu loyihaning birinchi bosqichi amalga oshirilgan edi. Qariyb 4 gektar maydonda 20–25 qavatli 6 ta ofis binosi va zamonaviy kongress-xoll barpo etildi.
Bu yerda mutaxassislar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, istiqbolli startap-loyihalarni qo'llab-quvvatlash maqsadida inkubatsiya va akseleratsiya dasturlari tashkil etilgan. Axborot texnologiyalari, fintex, logistika, elektron tijorat, elektron ta'lim, biotexnologiya va boshqa yo'nalishlardagi loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda "IT-Park" rezidentlari soni 3 ming 200 ta kompaniyaga yetdi, ularda 14 mingdan ortiq mutaxassis faoliyat yuritmoqda. O'tgan yili rezidentlar tomonidan 1 milliard 600 million dollarlik xizmat ko'rsatilgan bo'lsa, joriy yil yakuni bilan bu ko'rsatkich 2,5 milliard dollardan oshishi kutilmoqda.
Eksport hajmi esa ilk bor 1 milliard dollarlik marradan oshishi rejalashtirilgan.
"O'zbekiston – 2030" strategiyasiga muvofiq, 300 mingdan ortiq yoshlarni axborot texnologiyalari sohasida yuqori daromadli ish bilan ta'minlash maqsad qilingan. Xorijiy ekspertlar faqatgina sun'iy intellekt yo'nalishining o'zida O'zbekistonning salohiyatini 10 milliard dollarga baholamoqda.
– Ishonchim komilki, bugun tamal toshi qo'yilayotgan ushbu yirik majmua oldimizga qo'ygan ulkan marralarni zabt etishda, shuningdek, investorlar bilan O'zbekiston o'rtasida manfaatli hamkorlikni yana-da kuchaytirishda muhim o'rin tutadi, – dedi davlatimiz rahbari.
Loyihaga ko'ra, "IT-Park" hududi 1,5 barobar kengaytiriladi. Bu yerda Saudiya Arabistonining "Data Volt" kompaniyasi bilan hamkorlikda quvvati 12 megavatt bo'lgan, 150 million dollarlik data-markaz barpo etiladi. Keyingi bosqichlarda yana 3 milliard dollar investitsiya kiritilib, quvvat 500 megavattga yetkaziladi.
Bundan tashqari, ushbu hududda jami 6 ta bino – Sun'iy intellekt markazi, Kosmos va kelajak texnologiyalari markazlari, 2 ta 20 qavatli ofis binosi, shuningdek servis va savdo markazlari quriladi.
Bir so'z bilan aytganda, mazkur majmua eng zamonaviy texnologiyalar, innovatsiyalar va bilimlarga asoslangan "Sun'iy intellekt xabi"ga aylanadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev kapsula qo'yib, "IT-Park" loyihasining ikkinchi bosqichi qurilishiga rasman start berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurdi
Toshkentda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi