O'zbekiston va YI yetakchilari ikki tomonlama munosabatlar yangi, strategik darajaga ko'tarilganini olqishladilar
Oktabr 24, 2025. 17:22 • 2 daq
• 191
TOSHKENT, 24-oktabr. /"Dunyo" AA/. Bugun Bryusseldagi Yevropa kengashi bosh qarorgohi – "Yevropa" binosida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, joriy yil aprel oyida Samarqand shahrida o'tgan "Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi" birinchi sammiti yakunida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida ko'p qirrali O'zbekiston – Yevropa hamkorligini yana-da kengaytirish masalalari ko'rib chiqildi.
Yetakchilar bugun imzolangan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to'g'risidagi tarixiy bitimni yuqori baholadilar. Ushbu keng qamrovli hujjat O'zbekiston bilan YEI hamkorligining nafaqat huquqiy asoslarni kengaytirishi, balki yangi kun tartibini shakllantirishi ta'kidlandi.
Shuningdek, bitim birlashmaga a'zo davlatlar bilan, eng avvalo, savdo, investitsiyalar, transport, energetika, iqlim, yuqori texnologiyalar va madaniy-gumanitar hamkorlik sohalaridagi aloqalarga kuchli sur'at bag'ishlaydi.
Tomonlar O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zoligi bo'yicha YEI bilan ikki tomonlama muzokaralar yakunlanganini ham olqishladilar.
Barcha darajalarda faol, sermahsul muloqot va almashinuvlar amalga oshirilayotgani katta mamnuniyat bilan ta'kidlandi. Tashrif arafasida O'zbekiston delegatsiyasi Yevropa Ittifoqining "Global darvoza" ikkinchi forumida ishtirok etdi. Kuni kecha esa Hamkorlik kengashi hamda Iqtisodiyot, savdo va investitsiyalar bo'yicha kichik qo'mita yig'ilishlari muvaffaqiyatli o'tkazildi.
Kecha yirik qo'shma biznes forumi o'tkazilgan bo'lsa, bugun Yevropaning yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Ular natijasida energetika, kimyo, muhim minerallar, logistika, to'qimachilik va farmatsevtika tarmoqlarida umumiy qiymati 10 milliard yevrodan ziyod bo'lgan yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi. Bu Yevropa kompaniyalari ishtirokidagi umumiy qiymati 40 milliard yevrodan ziyod bo'lgan hozirgi loyihalar portfeliga salmoqli qo'shimchadir.
Sheriklikning yuqori sur'atini saqlab qolish uchun hamkorlikning institutsional mexanizmlarini yana-da mustahkamlash, investitsiyalar, muhim minerallar, energetika, transport, fan va ta'lim sohalarida yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish zarurligi ta'kidlandi. Ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni mustahkamlash uchun viza tartibotlarini soddalashtirish muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar xalqaro kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida Qo'shma bayonot qabul qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti Huquqni muhofaza qilish akademiyasiga tashrif buyurdi
Toshkentda yirik issiqlik taʼminoti markazi ishga tushirildi