Logo

O'zbekiston yetakchisi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidentini qabul qildi

Iyun 11, 2025. 14:07 • 1 daq

48
O'zbekiston yetakchisi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidentini qabul qildi

TOSHKENT, 11-iyun. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Xorijiy investorlar kengashining uchinchi majlisi arafasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston bilan ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut o'rtasidagi strategik hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko'rib chiqildi.

Qo'shma loyihalar portfeli kengayib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi: YTTBning O'zbekistonga investitsiyalari 5,5 milliard yevrodan oshdi. Joriy yilda yana 1,1 milliard yevro jalb qilish rejalashtirilgan bo'lib, uning katta qismi xususiy sektorni qo'llab-quvvatlashga yo'naltiriladi.

Sheriklik strategiyasi samarali amalga oshirilmoqda. YTTBning faol ko'magi bilan bank sohasini transformatsiya qilinmoqda.

Davlatimiz rahbari hamkorlik natijadorligini oshirish muhimligini ta'kidlab, uning asosiy ustuvor yo'nalishlarini ko'rsatib o'tdi.

Suv ta'minoti tizimini texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish dasturini ilgari surish, ipoteka bozorini, erkin iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, kichik va o'rta biznes imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash kabi yo'nalishlar shular jumlasidan.

Ta'lim va tibbiyot sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish, sun'iy intellektni joriy qilish va raqamli transformatsiyaga qaratilgan startaplarni qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor qaratildi.

Xorijiy investorlar kengashining bo'lajak uchinchi majlisi kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish