O'zbekiston va Hindiston yetakchilari strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalarini telefon orqali muhokama qildilar
Avgust 12, 2025. 17:26 • 2 daq
• 49
TOSHKENT, 12-avgust. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bilan telefon orqali muloqot qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, suhbat avvalida O'zbekiston Prezidenti Bosh vazir va do'st Hindiston xalqini yaqinlashib kelayotgan milliy bayram - mamlakat Mustaqilligi kuni bilan samimiy tabriklab, tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
O'zbekiston-Hindiston strategik sheriklik va ko'p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari ko'rib chiqildi.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq amaliy hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani, turli darajalarda faol va sermahsul muloqotlar davom etayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Joriy yil boshidan tovar ayirboshlash 60 foizga oshdi, 40 ga yaqin yangi qo'shma korxona va kooperatsiya loyihalari ishga tushirildi. Hindistonning yetakchi kompaniyalari bilan amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalarning joriy portfeli ikki milliard dollarga yetdi. O'zbekistonda Hindiston universitetlarining to'rtta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Yetakchilar farmatsevtika va kimyo sanoati, raqamli iqtisodiyot, energetika, konchilik, qishloq xo'jaligi, qurilish, turizm va boshqa yo'nalishlarda kooperatsiya loyihalarini ilgari surish va amalga oshirishga alohida e'tibor qaratdilar.
"Shimol-Janub" yo'lagi doirasida samarali transport-tranzit yo'nalishlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig'ilishini Toshkent shahrida samarali o'tkazish muhimligi qayd etildi. Madaniyat va kino kunlarini o'zaro tashkil etish, hududlar darajasida almashinuvlarni faollashtirish taklif qilindi.
O'zbekiston Prezidenti va Hindiston Bosh vaziri mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashdilar hamda bo'lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ko'rib chiqdilar.
O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston Prezidentining Turkmanistonga amaliy tashrifi yakunlandi
O‘zbekiston Prezidenti 18-20-dekabr kunlari rasmiy tashrif bilan Yaponiyada bo‘ladi