O'zbekiston Prezidenti va Germaniya Federal kansleri ikki davlat o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qilishdi
Sentabr 30, 2023. 10:42 • 2 daq
• 67
TOSHKENT, 30-sentyabr. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha Berlin shahridagi birinchi "Markaziy Osiyo - Germaniya" sammiti doirasida GFR Federal kansleri Olaf Shols bilan muzokara o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb jihatlari ko'rib chiqildi, O'zbekiston bilan Germaniya o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ishbilarmonlik sohasidagi sheriklikni kengaytirish, iqtisodiyot, investitsiya, transport, energetika va boshqa sohalarda kooperatsiyani chuqurlashtirishga alohida e'tibor qaratildi.
O'zbekiston rahbarining joriy yil may oyidagi Berlinga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni faollashtirishga kuchli sur'at bag'ishlagani ta'kidlandi.
Keyingi yillarda tovar ayirboshlash va sanoat kooperatsiyasi ko'rsatkichlari ikki barobar o'sdi. Mamlakatimizda Germaniyaning "Volkswagen", "MAN", "CLAAS", "Siemens", "Linde", "Aurubis", "Henkel", "Knauf", "Papenburg", "Deutsche Kabel" va ko'plab boshqa yetakchi kompaniyalari muvaffaqiyatli ish olib bormoqda.
Tog'-kon, energetika, kimyo, elektrotexnika, to'qimachilik sanoati va infratuzilma bo'yicha yangi loyihalar portfeli shakllantirilgan.
Davlatimiz rahbari qo'shma iqtisodiy tadbirlarni muntazam o'tkazib borish, muqobil energetikani rivojlantirish, qishloq xo'jaligi va suv resurslari boshqaruvini raqamlashtirish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, moliyaviy vositalarni kengaytirish, ikki mamlakat hududlari o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, migratsiya va ko'chuvchanlik sohasida hamkorlik qilish bo'yicha qator aniq takliflarni ilgari surdi.
Madaniy-gumanitar almashinuvni rivojlantirish, fan va ta'lim sohalarida qo'shma dasturlarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani qayd etildi.
Mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash yuzasidan, shu jumladan Afg'onistondagi vaziyatning rivojlanishi nuqtai nazaridan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Germaniya Federal kansleri Olaf Sholsni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelishga taklif etdi
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid

O‘zbekiston Prezidenti ko‘mir sanoatini rivojlantirish va bozor mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha rejalarni ko‘rib chiqdi



