Logo

O'zbekiston Prezidenti: Farzandlari bilimli, sog'lom, mard va jasur, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning kelajagi albatta yorug' bo'ladi

Iyun 30, 2025. 18:45 • 2 daq

127
O'zbekiston Prezidenti: Farzandlari bilimli, sog'lom, mard va jasur, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning kelajagi albatta yorug' bo'ladi

TOSHKENT, 30-iyun. /"Dunyo" AA/. 30-iyun – Yoshlar kunida Toshkentdagi Xalqaro kongress markazida davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Mamlakatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston Prezidentining 28 iyundagi farmon va qaroriga muvofiq, yosh avlodni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish maqsadida bir guruh ilg'or yigit-qizlar "Kelajak bunyodkori" medali hamda "Mard o'g'lon" davlat mukofoti bilan taqdirlangan edi.

Davlatimiz rahbari so'zining avvalida yigit-qizlarni Yoshlar kuni bilan tabrikladi. Bolalarni yuqori darajada o'qitish, xorijiy universitetlarga tayyorlash, yoshlarning startap va tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, bandligini ta'minlash bo'yicha muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Uchrashuvda yoshlar bilan ochiq muloqot bo'ldi.   

Shundan so'ng Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlarga davlat mukofotlarini topshirdi.

– Yoshlikdagi harakat bu – kelajakdagi yutuq degani. Yoshlikda orttirilgan do'st – bir umrlik hamkor, tayanch va suyanch degani. Hech qachon unutmang, farzandlari bilimli, sog'lom, mard va jasur, doimo oldinga intilib yashaydigan xalq va davlatning kelajagi albatta yorug' bo'ladi. Men butun O'zbekiston yoshlari ana shunday fazilatlar egasi bo'lishini tilayman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mukofotlanganlar davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi, kelgusida yanada katta natijalarga erishib, xalqimiz ishonchini oqlashini ta'kidlashdi.

Tadbirda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ziyolilar, ota-onalar ishtirok etdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish