Logo

O'zbekiston Prezidenti boshqa davlat rahbarlari bilan birgalikda Avazadagi milliy pavilyonlarni borib ko'rdi

Avgust 05, 2025. 22:19 • 55 soniya

174
O'zbekiston Prezidenti boshqa davlat rahbarlari bilan birgalikda Avazadagi milliy pavilyonlarni borib ko'rdi

TOSHKENT, 5-avgust. /"Dunyo" AA/. BMTning Dengizga chiqish imkoni bo'lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo'yicha konferensiyasi doirasida davlat rahbarlari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon milliy kunlariga bag'ishlangan tadbirlarda ishtirok etdilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston yetakchisi matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, milliy kunlar mintaqa xalqlarining boy madaniy merosini, mustahkamlanayotgan qo'shnichilik aloqalarini va kengayib borayotgan madaniy-gumanitar hamkorligini namoyish etish maqsadida uyushtirildi.

Bu yerda an'analar va hunarmandchilikka bag'ishlangan, madaniyat, san'at va turizm sohalaridagi zamonaviy yutuqlar aks etgan milliy pavilyonlar ochilgan. Shuningdek, milliy taomlar ko'rgazmasi va pazandachilik bo'yicha mahorat darslari tashkil etilgan.

An'anaviy o'zbek hovlisi ko'rinishida qurilgan O'zbekiston pavilyoni tashrif buyuruvchilarda yorqin taassurot qoldirdi.

Tadbir mintaqaviy o'ziga xoslik va madaniy rang-baranglikning navbatdagi namunasi sifatida o'zaro anglashuvni mustahkamlashga hamda Markaziy Osiyoni tinchlik, barqarorlik va farovonlik makoni sifatida namoyon etishga xizmat qildi.

Shu bilan O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga amaliy tashrifi doirasidagi tadbirlar yakunlandi.

Turkmanboshi shahri aeroportida oliy martabali mehmonni Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov kuzatib qo'ydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo'nab ketdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish