Logo

O'zbekiston va Rossiya Prezidentlari Pekin shahrida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar

Sentabr 02, 2025. 21:02 • 52 soniya

113
O'zbekiston va Rossiya Prezidentlari Pekin shahrida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar

TOSHKENT, 2-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Bugun Pekin shahrida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning uchrashuvi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, suhbat avvalida Rossiya yetakchisi davlatimiz rahbari va O'zbekistonning ko'p millatli xalqini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabriklab, farovonlik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tiladi.


Ilgariroq bo'lib o'tgan oliy darajadagi muloqotlar chog'ida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan O'zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada kengaytirish hamda mustahkamlash masalalari ko'rib chiqildi.


Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik sur'atini saqlab qolishga qaratilgan muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhim ekani ta'kidlandi.


Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida loyihalarni tayyorlash hamda amalga oshirishni jadallashtirish, hududlar o'rtasida va tashkil etilgan qo'shma sanoat parklari doirasida kooperatsiya aloqalarini rag'batlantirishga alohida e'tibor qaratildi.


Gumanitar sohada, eng avvalo, madaniyat, san'at, fan va ta'lim yo'nalishlarida samarali hamkorlik qilinayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.


O'zbekiston va Rossiya yetakchilari xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish