Logo

Jurnalistlar Toshkent shahrida imkoniyati cheklangan shaxslarga ijtimoiy yordam va xizmat ko'rsatishning yangi mexanizmlari bilan tanishdilar

Iyul 18, 2025. 19:07 • 4 daq

148
Jurnalistlar Toshkent shahrida imkoniyati cheklangan shaxslarga ijtimoiy yordam va xizmat ko'rsatishning yangi mexanizmlari bilan tanishdilar

TOSHKENT, 20-iyul. /"Dunyo" AA/. Toshkent shahrida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun to'siqsiz muhit yaratishga qaratilgan chora-tadbirlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashabbusi bilan o'tkazilgan press-tur doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari aholining zaif qatlamlari bilan ishlashda inklyuziv va innovatsion yondashuvlar joriy etilayotgan bir qator muassasalarda bo'lishdi.

Jurnalistlarga ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish, imkoniyati cheklangan shaxslar uchun to'siqsiz muhit yaratish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida ma'lumot berildi.

Joriy yilning mart oyidan boshlab respublikada 3 yoshdan 18 yoshgacha bo'lgan imkoniyati cheklangan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yo'lga qo'yildi. Ushbu xizmat bolalarga ijtimoiy, reabilitatsion, pedagogik va boshqa zarur yordamni ko'rsatadi. Mazkur chora-tadbirlar bolalarning ijtimoiy moslashuviga ko'maklashishga qaratilgan bo'lib, ilgari bola parvarishi bilan to'liq band bo'lgan ota-onalarga kasbiy faoliyatga qaytish imkonini beradi.

Press-tur ishtirokchilarining dastlab manzili Yashnobod tumanida joylashgan "Wunderkind" xususiy bog'chasi bo'ldi. Bu yerda imkoniyati cheklangan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati faoliyat yuritmoqda. 9 nafar imkoniyati cheklangan bolalarni qamrab olishga mo'ljallangan mazkur bog'chada bugungi kunda 7 nafar bola ta'lim olmoqda. OAV xodimlariga bu yerda ko'rsatilayotgan pedagogik, ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari namoyish etildi.

Keyingi manzil Mirzo Ulug'bek tumanida joylashgan 1-sonli Kichik hajmli bolalar uyi bo'ldi. Ayni paytda mazkur muassasada 9 nafar bola tarbiyalanmoqda, ularning 7 nafariga turli tibbiy tashxislar qo'yilgan (Daun sindromi, displaziya, anemiya, anatomik yurak nuqsonlari), 2 nafari esa sog'lom hisoblanadi. Ta'lim-tarbiya jarayoni individual yondashuv asosida tashkil etilgan bo'lib, 3 nafar bola ixtisoslashtirilgan bog'chaga boradi, 3 nafari ommaviy bog'chaga qabul qilingan, yana 3 nafari uy sharoitida tarbiyalanadi.

Muassasada har bir bolaga individual yondashuv, mehr va g'amxo'rlikka alohida e'tibor qaratilgan. Shu bilan birga, bolalarning oila muhitida ulg'ayishi, oilaviy qadriyatlar ruhida tarbiyalanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Tarbiyachilar har bir bolaning qiziqishi va qobiliyatlarini hisobga olgan holda individual rivojlanish rejalari va ijtimoiy integratsiya dasturlari asosida ta'lim-tarbiya ishlarini olib bormoqda. "Bolalar tushlik va kechki ovqatga nima yeyishni o'zlari tanlashadi, ba'zida esa ovqat tayyorlashda tarbiyachilarga yordam berishadi. Mazkur jarayon ularda mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi", – dedi bog'cha tarbiyachilaridan biri.

O'zbekiston Vazirlar Mahkamasining "O'zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga vaucher asosida yangi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish tartibini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qaroriga muvofiq "Faol hayotga qadam" dasturi yo'lga qo'yilgan. Ushbu dastur doirasida 18 yoshdan katta bo'lgan, mustaqil hayot kechirish imkoniyati cheklangan shaxslarga vaucher asosida bepul ijtimoiy xizmatlar ko'rsatilmoqda. Ular orasida uy sharoitida parvarish va yordam, ovqatlantirish, gigiyena qoidalariga yordam, psixologik ko'mak va tyutorlik xizmatlari bor. Mirzo Ulug'bek tumanidagi "Nodirabegim" mahallasida tashkil etilgan markaz ushbu dastur ijrosining muvaffaqiyatli namunasidir. U 9 kishiga mo'ljallangan bo'lib, hozirda 7 nafar o'zgalar parvarishiga muhtoj fuqaroga xizmat ko'rsatmoqda. Muassasada oliy toifali, ko'p yillik mehnat tajribasiga ega 5 nafar mutaxassis faoliyat yuritadi.

Shayxontohur tumanida joylashgan "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazida 12 toifadagi muhtoj insonlarga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko'rsatilmoqda. Buning uchun muassasada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Murojaatlarni qabul qilish, ehtiyojni baholash, xizmatni belgilash va xizmat ko'rsatish jarayonlari insonlarga qulay tarzda yo'lga qo'yilgan.

Eng muhimi, endilikda vazifa bir martalik yordam bilan tugamaydi. Ijtimoiy xizmatdan foydalanuvchining keyingi holati, o'zini o'nglashi ham monitoring qilib boriladi. Bu yerdagi barcha jarayonlar raqamlashtirilgan va daxldor tashkilotlar bilan bog'langan.

Shayxontohur tumanidagi markazda 25 nafar mutaxassis hamda mahallalarda 51 nafar ijtimoiy xodim faoliyat ko'rsatmoqda. Imkoniyati cheklangan bolalar va shaxslar, yolg'iz keksalar bilan manzilli tarzda ish yuritilmoqda.

Press-tur ishtirokchilari shu yerning o'zida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan "Imkoniyatlar olami" muassasasi faoliyati bilan ham tanishdilar. Bu yerda go'daklar uchun erta aralashuv, imkoniyati cheklangan bolalar uchun ijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya, shuningdek, kunduzgi parvarish va qarab turish xizmatlari tashkil etilgan. Bugungi kunda muassasada 80 ga yaqin bolaga 12 nafar malakali xodim xizmat ko'rsatmoqda.

Tur yakunida jurnalistlar odamlarning dardi bilan yashaydigan mazkur dargohlarni yana-da rivojlantirish, muassasalarda mavjud kamchiliklarni isloh qilish bo'yicha fikr almashdilar. Tashkilotchilar jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob berdilar.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish