Moturidiylik – bag'rikenglik, moʻtadillik va ma'rifat ta'limoti
Aprel 29, 2025. 12:14 • 2 daq
• 162
TOSHKENT, 29-aprel. /"Dunyo" AA/. Bugun Samarqand shahrida buyuk vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qo'shgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur Moturidiyning 1155 yilligiga bag'ishlangan xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o'z ishini boshladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Prezidenti tomonidan Imom Moturidiy ilmiy merosini o'rganishga katta e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2020-yil 3-4-mart kunlari Samarqand shahrida katta xalqaro konferensiya tashkil etildi. 2020-yil 11-avgustda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Bugungi kunda ushbu ikki manba Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan o'zbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan.
Shuningdek, 2025-yil 14-mart kuni O'zbekiston Prezidentining "Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to'g'risida" qarori qabul qilindi. Ushbu qaror nafaqat yurtimizda, balki xalqaro miqyosda ham Imom Moturidiy va moturidiylik ta'limotini tizimli hamda ilmiy asosda o'rganishni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi.
Hujjatga muvofiq, joriy yilda buyuk ajdodimiz, mutafakkir olim Imom Abu Mansur Moturidiy tavalludining 1155 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanadi. Xususan, Samarqand shahrida boshlangan "Moturidiylik – bag'rikenglik, moʻtadillik va ma'rifat ta'limoti" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman ham davlatimiz rahbarining mazkur qarori ijrosi doirasida o'tkazilmoqda.
Ta'kidlash joizki, Imom Abu Mansur Moturidiy musulmon olamida buyuk mutakallim, qomusiy olim va ulug' mutafakkir, moturidiylik ta'limotining asoschisi sifatida e'tirof etiladi. Imom Abu Mansur Moturidiy 870 yil Samarqand yaqinidagi Moturid qishlog'ida tug'ilgan. Musulmonlarni to'g'ri yo'lga boshlashda ko'rsatgan jonbozligi tufayli olimlar orasida "Imom al-huda" (Hidoyat imomi), "Rais ahli sunna val jamoa" (Ahli sunna val jamoa raisi), "Musahhih ahli sunna val jamoa" (Ahli sunna val jamoani to'g'ri yo'lga soluvchi), "Imom al-Mutakallimin" (Mutakallimlar imomi) kabi nomlar bilan tanilgan.
U asos solgan moturidiylik maktabi bugungi kunda sunniylik yo'nalishidagi ikki yirik e'tiqodiy ta'limotdan biri hisoblanadi. Bu aqidaviy mazhablar – moturidiylik va ash'ariylikdir. Imom Moturidiy ilgari surgan aqidaviy qarashlari o'sha davrda mintaqada kuzatilgan turli adashgan oqimlar faoliyatiga barham berishda muhim rol o'ynagan.
Bugungi kunda 1,9 milliardga teng bo'lgan dunyo musulmonlarining 750 milliondan oshig'i moturidiylik yo'nalishiga mansub.
Imom Moturidiy o'zidan aqida, tafsir, fiqh va usul al-fiqh sohalari bo'yicha boy ma'naviy-meros qoldirgan. Uning "Kitob at-tavhid", "Ta'vilot al-Qur'on" kabi 20 ga yaqin asar yozgani manbalarda keltirilgan. Mazkur kitoblardan bizgacha "Kitob at-tavhid" va "Ta'vilot al-Qur'on" asarlarigina yetib kelgan.
Imom Abu Mansur Moturidiy 944-yil vafot etgan.
Imom Moturidiy ta'limoti uning izdoshlari tomonidan rivojlantirilib, aqidaviy mazhab darajasiga yetib kelgan. Ushbu jarayonda Abu Muin Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy kabi allomalarning o'rni katta bo'lgan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Jenevadagi Millatlar saroyida O‘zbekiston Konstitutsiyasi kuni o‘tkazildi
Jenevada “Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li” kitobining taqdimoti bo‘ldi
“Saodat” jurnalining bir asrlik yubiley bayrami nishonlandi